O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish loyihasi ishlab chiqiladi

25.02.2026 | 12:152 daqiqa

Chang-to‘zonlar kuchaygan hududlarda yog‘ingarchilikni 20 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish loyihasi ishlab chiqiladi © Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha ilmiy asoslangan pilot loyiha ishlab chiqiladi. Bu vazifa Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026 yilgi davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida belgilab qo‘yildi.

Hujjatga ko‘ra, respublikada chang-to‘zonlar tez-tez kuzatiladigan hududlarda aholi salomatligini muhofaza qilish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi 2026 yil 1-martdan boshlab xorijiy tajribani o‘rgangan holda sun’iy yomg‘ir texnologiyasi bo‘yicha pilot amaliy loyiha tayyorlaydi.

Loyiha doirasida kamida 3–5 ta amaliy sinov o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Sinovlar natijasida yog‘ingarchilik hajmini tabiiy fonga nisbatan 10–20 foizga oshirish maqsad qilinmoqda. Bu orqali qurg‘oqchil hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash va atmosferadagi chang miqdorini kamaytirish rejalashtirilgan.

Loyihaga mas’ullar

Vazifa ijrosi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, barcha viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mas’ul etib belgilandi. Mahalliy darajada sinov maydonlarini tanlash va infratuzilmani tayyorlash ishlari amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil aprel oyida «International Centre of Climate Change Technologies» bilan hamkorlikda ilk bor sun’iy yomg‘ir texnologiyasi sinovdan o‘tkazilgan edi. Navoiy viloyatining Konimex tumanida maxsus qurilma o‘rnatilib, bulut hosil qilish va yog‘ingarchilik chaqirish imkoniyatlari o‘rganilgan.

Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarida ishlab chiqilgan ilg‘or texnologiyalar, xususan yomg‘ir hosil qilish usullarini Orolbo‘yi mintaqasida joriy etish istiqbollari ham muhokama qilingan.

Teglar

Mavzuga oid