O‘zbekistonda taksi bozori aylanmasi 65 foizga o‘sdi

15.02.2026 | 14:552 daqiqa

Soliq tizimiga ulangan agregatorlar orqali taksi bozorida real raqamlar ochildi. 2025 yil yakunlari esa kutilgandan ham yuqori o‘sishni ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda taksi bozori aylanmasi 65 foizga o‘sdi

Ikki yil oldin Soliq qo‘mitasi taksi agregatorlarini o‘z axborot tizimlariga ulash jarayonini boshlagan edi. Shu orqali soha bo‘yicha taxmin va baholar o‘rniga aniq statistika shakllandi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, agregatorlar orqali 479 mln safar amalga oshirilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 50 foizga ko‘p. Bozor aylanmasi esa 9,6 trln so‘mga yetgan va o‘sish sur’ati 65 foizni tashkil qilgan, deb yozmoqda «Beshtor».

Ma’lumotlarga ko‘ra, naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushi ham oshmoqda. Kartalar orqali to‘lovlar 24 foizdan 29,8 foizgacha ko‘tarilgan. O‘rtacha chek 20 ming 82 so‘mni tashkil etgan, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 18 ming 452 so‘m edi.

Raqobat va dinamika

Hozirgi kunda bozorda 224 ta agregator faoliyat yuritmoqda. Eng yirik ishtirokchilar qatorida «Yandex Go», «Uklon» va «Biznes Taxi 1064» qayd etilgan.

Bozor shiddatli o‘sish va faol raqobat bosqichida. Shu bilan birga, agregatorlar umumiy taksi xizmatlari hajmining hali katta qismini egallamagani qayd etilmoqda. Bu esa kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar mavjudligini anglatadi.

Mutaxassislarning fikricha, raqamlashtirish va ochiq hisob-kitoblar soha shaffofligini oshirib, davlat va biznes o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlagan.

Islohot samarasi

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bozor ishtirokchilari qonuniy ishlashga tayyor. Bunga tushunarli qoidalar va qulay raqamli vositalar yaratilishi xizmat qilgan.

Erkinlashtirish va raqamlashtirish orqali soha aylanmasi kengaygani, soliq tushumlari o‘sgani va to‘lov madaniyati o‘zgargani kuzatilmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, cheklov va jarimalardan ko‘ra, tizimli raqamli islohotlar samaraliroq natija beradi. Taksi bozori buning yaqqol namunasi sifatida ko‘rilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid