Logo

O‘zbekistonda taqiqlangan diniy manbalar ro‘yxati e’lon qilindi

Bugun 09:402 daqiqa

Oliy sud ekstremistik va terroristik deb topilgan qariyb 2000 ta internet manbani rasman ochiqladi.

O‘zbekistonda taqiqlangan diniy manbalar ro‘yxati e’lon qilindi © Illyustrativ surat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi internet jahon tarmog‘ida diniy ekstremistik, terroristik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan hamda mamlakat hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etilishi taqiqlangan manba va materiallar ro‘yxatini e’lon qildi. (Ro‘yxat)

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 13-iyul holatiga ko‘ra, ro‘yxatga jami 1 915 ta turli profil, kanal va material kiritilgan. Ularning katta qismi ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali tarqatilgan kontentlardan iborat ekani qayd etilmoqda.

Xususan, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida 276 ta profil va material, Telegram messenjerida 886 ta kanal, guruh va material, Instagram'da 405 ta profil aniqlangan. Shuningdek, You Tube'da 202 ta kanal va video, Odnoklassiki tarmog‘ida 44 ta material, Threads tarmog‘ida 1 ta hamda TikTok platformasida 68 ta profil ro‘yxatga kiritilgan.

Bundan tashqari, internet tarmog‘ida joylashgan 13 ta sayt va alohida materiallar, shuningdek, 20 ta turli kitob, ma’ruza va nashidalar ham taqiqlangan manbalar sifatida qayd etilgan. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kontentlar diniy aqidaparastlik va zo‘ravonlik g‘oyalarini targ‘ib qilish bilan bog‘liq deb baholangan.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov fuqarolarni bunday materiallardan yiroq bo‘lishga, internet makonida ongli va ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.

«Qadrli ota-onalar va yoshlar! Diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm tuzog‘iga tushib qolishdan doimo saqlaning. Ular hayotingiz va orzularingizni barbod qilishiga aslo yo‘l qo‘ymang», — deydi Aziz Obidov.

Teglar

Mavzuga oid