O‘zbekistonda turizm eksporti 1 mlrddan oshdi

Bugun 16:292 daqiqa

Jahondagi geosiyosiy va iqtisodiy beqarorlik fonida millionlab sayyohlar xavfsiz va ishonchli yo‘nalishlarni tanlamoqda, bu esa O‘zbekiston turizmi raqobatbardoshligini sezilarli oshirmoqda.

O‘zbekistonda turizm eksporti 1 mlrddan oshdi © Президент матбуот хизмати

2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga qariyb 3 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Shu davrda turizm xizmatlari eksporti 1 milliard 103 million dollarni tashkil qildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Bunday yuqori natijalarga «turistik relokatsiya» jarayoni ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Jahondagi geosiyosiy va iqtisodiy noaniqliklar sharoitida millionlab sayyohlar xavfsiz, tinch va sinovdan o‘tgan yo‘nalishlarni tanlamoqda. Bu esa O‘zbekistonning turizm bozoridagi raqobatbardoshligini oshirmoqda.

Mas’ullar va hokimlar har bir sayyoh uchun raqobat olib borishi zarurligi ta’kidlandi

Shu bilan birga, mamlakatda mavjud boy tarixiy meros va yangi barpo etilayotgan zamonaviy turistik obyektlardan samarali foydalanish muhim vazifa sifatida qayd etildi. Mas’ullar va hokimlar har bir sayyoh uchun raqobat olib borishi, hududlarning jozibadorligini oshirish bo‘yicha aniq va kompleks takliflar ishlab chiqishi zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, barcha rahbarlar faoliyatida yangi yondashuv talab etilmoqda. Ular ehtimoliy xatarlarni bir nechta ssenariy asosida oldindan baholab, asosiy rejalarga qo‘shimcha ravishda zaxira variantlarni ham ishlab chiqishi shartligi qayd etildi.

Yangi tartibga ko‘ra, viloyat va tuman hokimlari qisqa muddat ichida «aql markazi»ni shakllantirib, olimlar va startapchilar bilan birga mehnat unumdorligi, energiya samaradorligi va aholi daromadini oshirish bo‘yicha innovatsion yechimlar ishlab chiqishi lozim. Bir hafta ichida esa joriy yilda amalga oshiriladigan noan’anaviy o‘zgarishlar ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka taqdim etiladi.

Teglar

Mavzuga oid