O‘zbekistonda yashash va ovqatlanish xizmatlari hajmi 179,7 trln so‘mga yetdi
To‘qqiz oyda mamlakatda yashash va ovqatlanish xizmatlari hajmi real hisobda 11,3 foiz oshdi. Jami hajmning qariyb 30 foizi Toshkent shahri va Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan.
© Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda yashash va ovqatlanish xizmatlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,3 foizga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Yanvar–sentabr oylarida yashash va ovqatlanish xizmatlari hajmining 96,1 foizini ovqatlanish va ichimliklar bilan ta’minlash xizmatlari tashkil etdi. Bu qariyb 172,7 trln so‘m degani. Qolgan 3,9 foiz yoki qariyb 7 trln so‘m joylashtirish xizmatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
2025- yilning shu davrida yashash va ovqatlanish xizmatlari hajmi 149,5 trln so‘m bo‘lgan. Bir yil ichida u joriy narxlarda 30,3 trln so‘mga ko‘paydi. Real o‘sish 11,3 foiz bo‘lgan.
Hududlar kesimida
Yashash va ovqatlanish xizmatlari bo‘yicha Toshkent shahri yetakchi bo‘ldi. To‘qqiz oyda bu yerda 32,6 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatildi. Ikkinchi o‘rindagi Samarqand viloyati (21,6 trln so‘m) bilan farq 11 trln so‘mni tashkil etadi.
Keyingi o‘rinlarda Namangan va Farg‘ona viloyatlari turibdi. Namanganda 17,8 trln, Farg‘onada 17,6 trln so‘m, ya’ni farq atigi 200 mlrd so‘m. Qashqadaryoda xizmatlar hajmi 15,4 trln so‘mga yetib, Toshkent viloyatidan 2,1 trln so‘mga oshib ketdi.
Andijonda xizmatlar hajmi 11,6 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, Xorazmda bu ko‘rsatkich 10,2 trln so‘mni tashkil etdi, ya’ni Andijon 1,4 trln so‘m ko‘p xizmat ko‘rsatdi. Qoraqalpog‘iston (9,1 trln so‘m) va Buxoro (8,9 trln so‘m) natijalari esa bir-biriga yaqin.
Surxondaryoda esa bu ko‘rsatkich 7,5 trln so‘m bo‘lib, Navoiydan 2 trln so‘m yuqori. Navoiy (5,5 trln so‘m) va Jizzax (5,3 trln so‘m) o‘rtasidagi farq yana 200 mlrd so‘mga teng. Eng past natija Sirdaryoda — 3,4 trln so‘m qayd etildi. Taqqoslash uchun, Toshkent shahrida xizmatlar hajmi bundan qariyb o‘n baravar ko‘p.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda to‘qqiz oyda bozor xizmatlari hajmi 1 003,2 trln so‘mga yetgandi. Yashash va ovqatlanish xizmatlari jami hajmning 17,9 foizini tashkil etib, savdo xizmatlaridan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan.





