O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi ishga tushirilishi arafasida. Blogerlar qancha daromad olishi mumkin?
Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti bilan uchrashuvda O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasini muhokama qildi. Monetizatsiya nega hozirgacha ishlamagan? Yil davomida qonunchilikda qanday o‘zgarishlar amalga oshirildi?

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashuvda O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasini muhokama qildi.

«Biz so‘nggi yillarda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirdik. Buning natijasida O‘zbekistonda xalqaro to‘lov tizimlaridan erkin foydalanish uchun keng yo‘l ochilmoqda», — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.
YouTube monetizatsiyasi nega hozirgacha ishlamaydi?
Bu masaladagi muammolardan biri shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlashga qo‘yilgan talablar bilan bog‘liq edi. Avvalgi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining ayrim shaxsga doir ma’lumotlari mamlakat hududida joylashgan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan texnik vositalar hamda ma’lumotlar bazalarida saqlanishi kerak edi.

Bunday talab xalqaro texnologik kompaniyalar uchun ma’lumotlarni saqlash infratuzilmasi bilan bog‘liq qo‘shimcha masalalarni yuzaga keltirgan. Yana bir masala — xalqaro to‘lov infratuzilmasi. YouTube monetizatsiyasidan olinadigan daromadni kontent yaratuvchilarga yetkazish uchun xalqaro to‘lov xizmatlaridan foydalanish zarur. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) ning 2025-yildagi tahlilida PayPal va Stripe kabi xizmatlarning O‘zbekistonda to‘liq ishlamasligi ham monetizatsiya rivojiga ta’sir qiluvchi omillardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Qonunchilikdagi talablar o‘zgardi
2026-yil mart oyida «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun bilan barcha shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekistondagi serverlarda saqlash bo‘yicha majburiy talab bekor qilindi.
Yuqoridagi talab faqat biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari abonentlarining ma’lumotlariga nisbatan saqlanib qolgan. Qolgan shaxsiy ma’lumotlarga esa belgilangan shartlarga rioya qilingan holda xorijda saqlash va qayta ishlov berishga ruxsat berildi.
Biroq bu o‘zgarishlarning o‘zi YouTube monetizatsiyasi avtomatik ravishda ishga tushishini anglatmaydi. Xizmatning ishga tushishi Google tomonidan tegishli qaror va texnik hamda tijoriy jarayonlarga ham bog‘liq.
Monetizatsiya ochilsa, blogerlar qancha daromad olishi mumkin?
Ayni vaqtda YouTube monetizatsiyasi 108 ta davlatda ishga tushirilgan. Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Qozog‘istonda mavjud. Rossiya (sanksiyalar sabab) va Xitoyda xizmat yoqilmagan.
O‘zbekistonda esa platformaning katta auditoriyasi mavjud. ITIMning 2025-yildagi tahliliga ko‘ra, mamlakatda YouTube’ning oylik faol foydalanuvchilari soni 13 mln atrofida.
YouTube monetizatsiyasining ishga tushirilishi O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilishi mamlakat yalpi ichki mahsulotini 0,05–0,1 foizga oshirishi mumkin.
ITIM o‘z tahlilida O‘zbekistonda 26 mingdan ortiq faol videobloger mavjudligini qayd etib, ularning auditoriyasi hajmiga ko‘ra uch guruhga ajratilgan:
● 1 ming nafari — 100 mingdan ortiq obunachiga ega yirik blogerlar;
● 5 ming nafari — 10–100 ming obunachiga ega o‘rta blogerlar;
● 20 ming nafari — 1–10 ming obunachiga ega kichik blogerlar.
Agar YouTube’da mingta reklama ko‘rish uchun o‘rtacha CPM 0,8–1,4 dollar deb olinsa va o‘zbek kontentidagi yillik umumiy ko‘rishlar soni 36 mlrdni tashkil etsa, reklama daromadining umumiy hajmi yiliga 28,8–50,4 mln dollar bo‘lishi mumkin.
Bu raqam blogerlarning qo‘liga tushadigan sof daromad emas. Bu — ITIM tomonidan reklama ko‘rishlari soni va taxminiy CPM asosida hisoblangan potensial bozor hajmi. Amaldagi daromad kanal auditoriyasi, kontent turi, tomoshabinlarning qaysi davlatlardan ekani, reklama talabi va boshqa omillarga qarab farq qilishi mumkin.
Taqqoslash uchun, AQSHda har mingta ko‘rishlar soni uchun o‘rtacha CPM 5–15 dollar, Qozog‘istonda esa 0,8–2 dollar atrofida to‘lanadi.
Avvalroq, Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmonov Apple Pay va Google Pay to‘lov xizmatlari yaqin oylarda O‘zbekistonda ishga tushirilishini ma’lum qilgandi.



