Logo

O‘zbekistonda «Zolotaya Korona» o‘tkazmalari kelasi hafta qayta tiklanishi mumkin

To‘lov tizimi operatoriga nisbatan sanksiyalar joriy etilishi ortidan mamlakatdagi 15 dan ortiq bank «Zolotaya Korona» orqali pul o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatganini e’lon qilgandi.

O‘zbekistonda «Zolotaya Korona» o‘tkazmalari kelasi hafta qayta tiklanishi mumkin

O‘zbekiston banklarida «Zolotaya Korona» orqali xorijdan yuborilgan o‘tkazmalar belgilangan tartibda aholiga berilmoqda. Bu haqda Markaziy bank departamenti rahbari Otabek Tojiddinov asosiy stavka bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qildi.

Yevropa Ittifoqi 21-sanksiyalar paketi doirasida Rossiyaning «Zolotaya Korona» operatorini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi.

Shundan so‘ng, O‘zbekistondagi banklar birin-ketin bu xizmat orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni to‘xtata boshladi.

Dastlab, «Asakabank» va «Agrobank» «Zolotaya Korona» pul o‘tkazmalari vaqtincha to‘xtatilganini, tizimda texnik ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi. Keyinchalik pul o‘tkazmalarini to‘xtatganini e’lon qilgan banklar soni 15 tadan oshdi.

Markaziy bank vakili Otabek Tojiddinov sanksiyalar «Zolotaya Korona»ning o‘ziga emas, uning operatori «Platyojnыy Sentr»ga nisbatan qo‘llanilganini ta’kidladi.

“Vaziyat Markaziy bank tomonidan doimiy nazoratga olingan. Banklar bilan tegishli ishlar davom etmoqda. «Zolotaya Korona»ning o‘zbek banklarida turgan garov depoziti mavjud. Shu depozit doirasida, shtat rejimida fuqarolarimizga pul mablag‘lari ular istagan valutada berib kelinmoqda”, — deydi Tojiddinov.


Bungacha ijtimoiy tarmoqlarda ayrim o‘zbekistonliklar bu tizim orqali pul o‘tkazmalarini olishda muammoga duch kelayotgani haqida yozgandi.

Markaziy bank vakili O‘zbekiston banklari sanksiyalarning ikkilamchi ta’siriga tushish niyatida emasligini ta’kidlab, «Zolotaya Korona» operatorini sanksiyaga tushmagan boshqa operatorga almashtirish masalasi muhokama qilinayotganini aytdi.

Bunday holatda nazariy jihatdan mamlakatdagi banklarda «Zolotaya Korona» orqali pul o‘tkazmalari xizmati qayta tiklanishi mumkin.

Regulyator vakiliga ko‘ra, «Zolotaya Korona» rahbariyati hozir ham Toshkentda bo‘lib turibdi. Yangi texnik operatorga o‘tish jarayoni kelasi haftayoq yakunlanishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid