Logo

O‘zbekistondagi ilk pulli yo‘l avgustda ochilishi mumkin

Bugun 19:223 daqiqa

Urganch — Xiva avtomagistrali kelasi oyda ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, Toshkent — Andijon avtomagistrali bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida, Toshkent — Chorvoq yo‘li uchun esa hukumat xususiy sherikni aniqlamoqda.

O‘zbekistondagi ilk pulli yo‘l avgustda ochilishi mumkin © gov.kz

O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘li — Urganch va Xiva shaharlarini bog‘laydigan avtomagistralni avgust oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Toshkent — Samarqand avtomagistrali qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ma’lum qildi.

Davlat rahbari ta’kidlashicha, mamlakatda davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy transport infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha boshlangan islohotlar izchil davom etmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, yirik avtomobil yo‘llari loyihalarini amalga oshirish rejalari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan 2026-yilgi murojaatnomada belgilangan.

«Respublikamizning tarixiy markazlaridan biri bo‘lgan Xivani Urganch bilan bog‘laydigan ilk pulli yo‘l qurilishini allaqachon boshlaganmiz. Nasib qilsa uni keyingi oy foydalanishga topshiramiz», — dedi prezident.

Mirziyoyev mazkur avtomagistral nafaqat ikki shahar o‘rtasidagi transport aloqasini yaxshilashi, balki mamlakatning turistik infratuzilmasini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Yangi yo‘l mahalliy aholi bilan bir qatorda xorijiy sayyohlarga ham xizmat qiladi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 15-iyul holatida qurilish ishlarining qariyb 80 foizi yakunlangan. Uzunligi 35 kilometr bo‘lgan avtomagistralda tuproq ishlari hamda asos qatlamini barpo etish ishlari to‘liq tugallangan, 25 kilometr qismiga birinchi qatlam asfalt yotqizilgan. Shuningdek, 15 ta ko‘prik, bitta tonnel, beshta yerosti o‘tish yo‘lagi va 101 ta suv o‘tkazish inshooti qurib bitkazilgan.

Yirik investitsiya loyihasi

120 mln dollarlik loyiha fevral oyida boshlangan bo‘lib, yangi avtomagistral mavjud D215 avtomobil yo‘liga muqobil trassa vazifasini bajaradi. Yo‘l foydalanishga topshirilgach, Urganchdan Xivagacha safar vaqti taxminan 60 daqiqadan 17 daqiqagacha qisqarishi, sutkasiga 20 mingdan ortiq transport vositasini qabul qilish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.

Loyiha beshta lotga bo‘lingan bo‘lib, yakuniy bosqichda 17 ta ko‘prik, sakkizta yo‘l o‘tkazgich, bitta tonnel va beshta maxsus o‘tish yo‘lagi qurilishi nazarda tutilgan.

Buyurtmachi sifatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi ishtirok etmoqda, pudrat ishlarini esa qo‘mita tizimidagi tashkilotlar bajarmoqda.

Loyiha tashqi investor hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Biroq investor nomi, tender shartlari va kelgusidagi yo‘l haqi tariflari hozircha ochiqlanmagan.

Toshkent — Andijon yo‘li

Prezidentning ma’lum qilishicha, Toshkent — Andijon pulli avtomagistrali bo‘yicha xalqaro tender ham yakunlanish arafasida.

Umumiy uzunligi 314 kilometr bo‘lgan ushbu loyihaning birinchi bosqichida Toshkent — Angren — Qamchiq dovoni bo‘ylab 171 kilometrlik yangi yo‘l, jumladan, 33 kilometrlik tonnellar qurilishi rejalashtirilgan. Qiymati 3,66 mlrd dollar bo‘lgan mazkur loyiha ishga tushgach, Toshkentdan Andijonga safar vaqti ikki barobardan ko‘proq qisqarishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Toshkent — Chorvoq pulli avtomagistrali bo‘yicha ham loyihalash ishlari yakuniga yetmoqda. Hukumat hozirda xususiy sherikni tanlash bosqichida bo‘lib, amaliy qurilish ishlarini yaqin vaqt ichida boshlashni rejalashtirmoqda.

Uzunligi 52 kilometr bo‘ladigan olti tasmali trassa Chorvoqqa safar vaqtini 80 daqiqadan 35 daqiqagacha qisqartirishi, turistik hududga boruvchi yo‘llardagi tirbandliklarni sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda.

Prezident, shuningdek, Qashqadaryo, Namangan, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida ham yirik avtomobil yo‘li loyihalarini jadallashtirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent — Samarqand pulli yo‘lini quradigan kompaniya nomi ma’lum qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid