add

O‘zbekistonga ASEAN tomonidan TACga qo‘shilishga rasmiy rozilik berildi

02.12.2025 | 15:253662 daqiqa

ASEANning barcha a’zolari O‘zbekistonning Amiti va Hamkorlik shartnomasiga qo‘shilish arizasini ma’qulladi, bu mamlakatga Janubi-Sharqiy Osiyo bilan siyosiy va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish imkonini beradi.

O‘zbekistonga ASEAN tomonidan TACga qo‘shilishga rasmiy rozilik berildi

O‘zbekiston Janubi-Sharqiy Osiyodagi nufuzli platformaga qadam qo‘ydi: ASEAN (Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi) tashqi ishlar vazirlari Kuala-Lumpurda o‘tkazgan yig‘ilishida mamlakatimizning Amiti va Hamkorlik shartnomasi (Treaty of Amity and Cooperation in Southeast Asia — TAC) ga qo‘shilishini bir ovozdan ma’qulladi.

1976 yilda Balida imzolangan ushbu shartnoma murosa, kuch ishlatmaslik va hududiy suverenitetga hurmat tamoyillarini nazarda tutadi. ASEAN hozirda 700 millionga yaqin aholiga ega ulkan iqtisodiy makon bo‘lib, O‘zbekistonning bu tuzilmaga qo‘shilishi siyosiy va iqtisodiy aloqalarni sezilarli kengaytiradi.

Siyosatshunos Jahongir Akramovga ko‘ra, bu qaror O‘zbekiston tashqi siyosatidagi ko‘pqirrali yondashuvga to‘liq mos keladi. Uning ta’kidlashicha, TAC tamoyillari Konstitutsiyaning 17-moddasidagi asosiy prinsiplar — kuch ishlatmaslik, mojarolarni muzokara yo‘li bilan hal qilish va davlatlar suverenitetiga hurmat bilan hamohang. Shartnomaga qo‘shilish 2016 yildan buyon shakllangan uchta yo‘nalish – ko‘pvektorlik, iqtisodiy diplomatiya va mintaqaviy integratsiyaga xizmat qiladi.

Ekspertning fikricha, geosiyosiy keskinlashuv davrida ASEAN kabi betaraf maydonda faol ishtirok etish O‘zbekiston uchun bosimni kamaytirib, diplomatik manyovr imkoniyatlarini kengaytiradi. Shu bilan birga, bu harakat Global Janub mamlakatlari o‘rtasidagi yaqinlashuv tamoyillari bilan ham uyg‘un. Markaziy Osiyo va ASEAN davlatlari o‘zaro manfaatlarni xalqaro maydonda kuchliroq ifoda etish imkoniga ega bo‘ladi.

Iqtisodiy jihatdan, ASEAN —dunyodagi eng rivojlanayotgan bozorlardan biri. Indoneziya, Malayziya, Tailand, Singapur kabi mamlakatlar bilan hamkorlik turizm, IT, innovatsiya, oziq-ovqat va to‘qimachilik sohalarida katta imkoniyatlar ochadi. Akramovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ASEAN integratsiya modelidan foydalanib, Markaziy Osiyoda ham yangi hamkorlik mexanizmlari yaratilishiga yetakchi bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, ekspert bir qator tavakkalchiliklarni ham qayd etdi: Janubi-Sharqiy Osiyodagi geosiyosiy nizolar, xususan Janubiy Xitoy dengizi bo‘yicha tortishuvlar betaraf diplomatiyani talab qiladi. Bundan tashqari, ASEAN davlatlarining ichki muammolari, jumladan, Myanma inqirozi ehtiyotkor siyosat yuritishni talab etadi. Iqtisodiy raqobat ham kuchli: Vyetnam va Indoneziya to‘qimachilikda, Tailand turizmda, Singapur innovatsiyada yetakchi.

O‘zbekiston endilikda shartnoma bo‘yicha to‘liq a’zo bo‘lish jarayonini yakunlashi kutilmoqda. TACga Xitoy, Rossiya, AQSH va Yevropa Ittifoqi kabi kuchli davlatlar ham a’zo bo‘lib, maydonni global diplomatiya markaziga aylantirgan. O‘zbekiston uchun bu qadam tez o‘zgarayotgan xalqaro tartibotda o‘z o‘rnini mustahkamlash yo‘lida muhim bosqich sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid