Logo

O‘zbekistonga elektromobil importi 2,2 baravar oshdi

Bugun 21:152 daqiqa

2026-yilning dastlabki yetti oyida 46,7 mingdan ortiq elektromobil olib kirilib, import qiymati $527,2 mlnni tashkil etdi. Shu bilan birga, bitta elektromobilning o‘rtacha import narxi bir yil ichida $2,7 mingga arzonlagan.

O‘zbekistonga elektromobil importi 2,2 baravar oshdi © Bloomberg

2026-yil yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga jami 46 749 dona elektromobil import qilingan. Ularning umumiy qiymati $527,2 mlnni tashkil etdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi tomonidan ma’lumotlarda keltirilgan.

Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida mamlakatga 20 858 dona elektromobil olib kirilgan bo‘lib, ularning qiymati $292,9 mlnni tashkil etgan.

Shu tariqa, bir yil ichida elektromobil importi son jihatidan qariyb 2,2 baravarga oshgan. Bunda avtomobillarning o‘rtacha import qiymati ham pasaygan: 2025-yilda bitta elektromobil o‘rtacha $14 mingga tushgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich $11,3 mingni tashkil etdi.

Elektromobil savdosi ham oshmoqda

Importdagi o‘sish ichki bozordagi savdolarda ham aks etmoqda. 2026-yil iyun oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda 8,4 mingta elektromobil sotilgan. Bu may oyidagi ko‘rsatkichdan qariyb 63,5 foizga ko‘p.

Yilning birinchi yarmida esa O‘zbekistonda 40 mingdan ortiq elektromobil sotilgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 40 foiz ko‘p.

Elektromobillar bozori deyarli barcha hududlarda faollashgan. Sotuvlar faqat Sirdaryo viloyatida 2,9 foizga kamaygan.

Eng yuqori o‘sish Jizzax, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan. Ushbu hududlarda savdo mos ravishda 101 foiz, 64,6 foiz va 58,5 foizga oshgan.

Savdolarning asosiy qismi Toshkentga to‘g‘ri kelmoqda

Elektromobillar savdosida Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda.

Iyun oyida poytaxtda 5,3 mingta elektromobil sotilgan. Bu may oyiga nisbatan 78 foizga ko‘p bo‘lib, Toshkentning umumiy bozordagi ulushi qariyb 63 foizni tashkil etgan.

Elektromobillarga talabning oshishini qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan yana bir omil — ularni xarid qilish uchun avtokreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplash mexanizmi.

Vaqt.uz avvalroq elektromobil sotib olish uchun ajratiladigan avtokredit foizining bir qismini davlat tomonidan qoplash rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi. Taklifga ko‘ra, 300 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlarning dastlabki ikki yilida foiz stavkasining 16 foizdan oshadigan, biroq 8 foiz bandidan yuqori bo‘lmagan qismi davlat tomonidan kompensatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid