
O‘zbekistonga Malayziya va Indoneziyadan jalb qilingan har bir turist uchun 100 dollardan subsidiya ajratiladi
Malayziyalik va indoneziyalik sayyohlarni Ramazon va Qurbon hayiti bayramlarini O‘zbekistonda o‘tkazishga jalb etish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, 2026–2027 yillarda Malayziya va Indoneziyadan «ziyorat turizmi» yo‘nalishida keladigan sayyohlar soni 100 ming nafarga yetkaziladi. Bu tashabbus «Umra plyus» dasturi doirasida amalga oshiriladi va xalqaro turizm bozorida O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.
Yo‘l xaritasiga ko‘ra, malayziyalik va indoneziyalik sayyohlarni Ramazon va Qurbon hayiti bayramlarini O‘zbekistonda o‘tkazishga jalb etish rejalashtirilgan. Shuningdek, mazkur davlatlarda «Imom Buxoriy izidan» hamda «Ramazonni O‘zbekistonda o‘tkaz» mavzularida keng ko‘lamli targ‘ibot kompaniyalari tashkil etiladi.
Ayniqsa, Malayziyaning musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan Kelantan, Kedax va Terengganu hududlarida alohida roadshou o‘tkazish belgilangan. Bu orqali mahalliy bozorda O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etiladi.
«Umra plyus» dasturi doirasida Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarini qamrab olgan maxsus turizm marshrutlari ishlab chiqiladi. Ushbu yo‘nalishlar tarixiy va madaniy meros ob’ektlariga boy bo‘lishi bilan ajralib turadi.
Qarorga asosan, 2026 yil yakunigacha Turizm qo‘mitasi tomonidan Malayziya va Indoneziyadan turist jalb qilgan turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratiladi. Bu mablag‘lar Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Qo‘mita ikki hafta muddatda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari bilan birgarlikda mahalliy turoperatorlarni jalb qilgan holda «Umra plyus» ziyorat turizmi dasturini ishlab chiqadi. Bundan Madaniy meros agentligi, Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimliklari bilan birgarlikda dastur ishtirokchilari uchun qish(20-noyabrdan 20-fevralgacha) va yoz fasllarining (iyul oyi) nomavsumiy oylarida madaniy meros obektlari, mehmonxona, ovqatlanish va boshqa xizmatlar uchun ixtiyoriy chegirmalar joriy etiladi.
Transport vazirligi TIV va Turizm qo‘mitasi bilan birgarlikda 2 hafta muddatda dastur uchun mahalliy yoki xorijoy aviakompaniyaning 10 ta aviabortini, shu jumladan ijaraga olish orqali jalb qilishni ta’minlaydi. Shuningdek, Kuala Lumpur—Samarqand—Kuala Lumpur va Kuala Lumpur—Buxoro—Jidda— Kuala Lumpur hamda Jakarta—Samarqand—Jidda—Jakarta va Jakarta—Buxoro—Jidda—Jakarta turistik marshrutlari bo‘ylab aviqatnovlarni raqobatdosh narxlarda ishlab chiqilishini hamda dasturda ishtirok etuvchi turkompaniyalarga taqdim etilishini ta’minlaydi.





