O‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi puldan foydalanadi?
2025 yil davomida aholi qo‘lida 100 000 so‘mlik banknotlar ulushi sezilarli qisqarib ketdi. Aksincha, 200 000 so‘mlik pullar ulushi oshmoqda. Aholi mayda puldan ko‘ra yirik pullardan ko‘proq foydalanyapti.
© Foto: spot.uzMarkaziy bank tomonidan 2025 yil uchun Naqd pul muomalasi sharhi taqdim qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil yakunlari bo‘yicha mamlakatda naqd pullar miqdori 15 trln so‘mga ko‘payib, 68 trln so‘mga yetgan. Umumiy pul massasi esa 379 trln so‘mgacha o‘sdi.
Bir vaqtning o‘zida umumiy pul massasidagi muomaladagi naqd pullar ulushi yil davomida 19,2 foizdan 18,1 foizgacha kamaydi. Bu mamlakatda odamlar naqd puldan nisbatan kamroq foydalanayotganini ko‘rsatadi.
Naqd pullar soni ham ko‘paymoqda
2025 yilda Markaziy bank tomonidan qo‘shimcha naqd pullarning muomalaga chiqarilishi natijasida banknotlar umumiy soni 262 mln donaga ko‘paydi va 2,45 mlrd donani tashkil qilmoqda.

O‘z navbatida, muomaladagi naqd pullar tarkibida ularning miqdori bo‘yicha 200 000 so‘mlik banknotlar ulushi 2025 yilda 23,4 foizdan 28,5 foizga yetdi.
100 000 so‘mlik banknotlar ulushi esa 40,9 foizdan 36,4 foizga kamaydi. Bu asosan eski namunadagi banknotlarni muomaladan chiqarish hisobiga shakllangan.
Shunga qaramay, aholida eng ko‘p foydalaniladigan pul aynan 100 000 so‘mlik banknota bo‘lib turibdi. 1000 so‘mgacha bo‘lgan tangalar esa eng kam foydalanilmoqda.
Hozirda banknotlar kesimida 50 000 so‘mlik ulushi 18,2 foizni, 20 000 so‘mlik ulushi 7,1 foizni, 10 000 so‘mlik ulushi 5 foizni, 5 000 so‘mlik ulushi 3,7 foizni tashkil qilmoqda.
Muomaladagi eski namunadagi banknotlarni bosqichma-bosqich qaytarib olish va ularni yangilari bilan almashtirish choralari natijasida, 5 000 so‘mlik banknotlar tarkibida eski namunadagi banknotlar miqdori 2024 yildagi 25 foizdan 2025 yilda 7 foizga pasaygan.
Bu ko‘rsatkich 10 000 so‘mlik banknotlarda 24 foizdan 5 foizga, 50 000 so‘mlik banknotlarda 25 foizdan 4 foizga va 100 000 so‘mlik banknotlarda 18 foizdan 3 foizga qisqardi.

Naqd pullarning banklararo harakatini erkinlashtirish, bunda Markaziy bank ishtirokini kamaytirish maqsadida “Naqd pullarning elektron maydoni” platformasi doimiy tarzda takomillashtirib borildi.
2025 yilda mazkur tizimning foydalanuvchilari 922 tani tashkil etib, bir oyda o‘rtacha 15 trln so‘mlik amaliyotlar bajarilgan.





