O‘zbekistonliklar o‘qish uchun asosan qaysi davlatni tanlamoqda
2026-yilning birinchi choragida o‘qish maqsadida chet elga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni 5,8 ming nafarni tashkil etdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil yanvar-mart oylarida 5 862 nafar O‘zbekiston fuqarosi ta’lim olish maqsadida xorijga safar qilgan. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 1,6 ming nafarga yoki 21,2 foizga kam demakdir.
Hisobotda qayd etilishicha, chet elda ta’lim olish uchun eng ko‘p tanlangan yo‘nalish Rossiya bo‘lgan. Ushbu davlatga 1 241 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun yo‘l olgan.
Ikkinchi o‘rinni Janubiy Koreya egallagan bo‘lib, u yerga 1 131 nafar fuqaro ta’lim olish maqsadida borgan. Keyingi pog‘onada esa 1 059 nafar talabani qabul qilgan Qirg‘iziston qayd etilgan.
Shuningdek, Xitoyga 424 nafar, Turkiyaga 423 nafar va Tojikistonga 381 nafar o‘zbekistonlik o‘qish uchun safar qilgan. Buyuk Britaniya esa 292 nafar talaba bilan ro‘yxatdan joy olgan.
Statistikaga ko‘ra, boshqa davlatlarga o‘qish uchun ketgan O‘zbekiston fuqarolari soni 911 nafarni tashkil etgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ta’lim migratsiyasidagi pasayishga valuta xarajatlari, qabul shartlarining o‘zgarishi va mahalliy oliy ta’lim imkoniyatlarining kengayishi ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.





