O‘zbekistonliklar pullarini asosan nimaga sarflamoqda?

Bugun 18:232 daqiqa

Markaziy bankning 2026-yil yanvar oyida o‘tkazgan so‘rovnoma natijalari aholining iste’mol kayfiyati ijobiy saqlanayotganini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonliklar pullarini asosan nimaga sarflamoqda?

Markaziy bank 2025-yilning IV choragi yakunlari bo‘yicha aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini e’lon qildi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 76 foizi yaqin oylarda sarf-xarajatlari oshishini kutmoqda. Ayniqsa, oylik daromadi 5 milliondan 20 million so‘mgacha bo‘lgan o‘rta va o‘rtadan yuqori qatlam ko‘proq xarajat qilishga tayyor ekanini bildirgan. Eng past va eng yuqori daromadli guruhlar esa tejamkorlikni afzal ko‘rmoqda.

Nimalarga ko‘proq sarflanmoqda

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda o‘zbekistonliklar uchun eng dolzarb sarf yo‘nalishi — uy-joy ta’miri. Ushbu tendensiya barcha daromad guruhlarida birdek kuzatilmoqda. Shu bilan birga, ta’limga sarflanadigan mablag‘lar ham yuqori o‘rinda turibdi.

Hatto past daromadli oilalar ham farzandlar ta’limiga investitsiya kiritishni ustuvor deb hisoblamoqda. Bu esa ta’limning jamiyatda strategik ahamiyat kasb etayotganini anglatadi.

Daromadga qarab ehtiyojlar

Yuqori daromadli aholi qatlami (20 million so‘mdan yuqori) ko‘proq avtomobil xaridi, ko‘chmas mulk investitsiyasi va xorijiy sayohatlarga e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga, ularning bir qismi uy jihozlari va mebel xaridiga ham mablag‘ ajratishni rejalashtirgan.

O‘rta daromadlilar esa asosan uy-joyni ta’mirlash va ta’lim xarajatlariga ustuvorlik bermoqda. Bu esa aholi ehtiyojlari daromad darajasiga qarab sezilarli darajada farq qilishini ko‘rsatadi.

1

2

Yoshlar orasidagi farqlar

Iste’mol savatchasining shakllanishida yosh omili ham muhim rol o‘ynamoqda. 30 yoshgacha bo‘lganlar ta’lim va uy-joy sharoitini yaxshilashga ko‘proq sarmoya kiritmoqda. 31–50 yoshlilar uchun esa farzandlar ta’limi, sog‘liqni saqlash va oilaviy tadbirlar ustuvor hisoblanadi.

51 yoshdan oshganlar esa sog‘liqni tiklash va to‘y marosimlariga xarajat qilishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Mutaxassislar fikricha, yaqin oylarda qurilish materiallari, ta’lim va tibbiy xizmatlarga talab yuqori darajada saqlanib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklarning asosiy daromad manbai nima ekanligi haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid