Logo

O‘zbekistonliklar pullarini eng ko‘p qaysi banklarda saqlamoqda?

Kecha 23:004 daqiqa

2026 yil 1-may holatiga O‘zbekiston banklaridagi jismoniy shaxslar depozitlari 170,2 trln so‘mga yetdi. Aholi mablag‘larining eng katta qismi Kapitalbank, Agrobank va Milliybankda jamlangan. Beshta yetakchi bank hissasiga esa barcha jismoniy shaxslar depozitlarining yarmi to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonliklar pullarini eng ko‘p qaysi banklarda saqlamoqda? © © Foto: spot.uz

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-may holatiga banklardagi jami depozitlar 444,4 trln so‘mni tashkil qilgan. Shundan 170,2 trln so‘mi jismoniy shaxslar, 274,2 trln so‘mi esa yuridik shaxslar mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shu tariqa aholining banklardagi mablag‘lari jami depozitlarning 38,3 foizini tashkil etmoqda.

Aholi depozitlari hajmi bo‘yicha Kapitalbank bank tizimida yetakchilik qilmoqda. Bankdagi jismoniy shaxslar mablag‘lari 26,8 trln so‘mga yetgan. Bu O‘zbekiston banklaridagi barcha aholi depozitlarining 15,8 foiziga teng. Boshqacha aytganda, banklardagi jismoniy shaxslarga tegishli har 100 ming so‘mning qariyb 16 ming so‘mi Kapitalbankda saqlanmoqda.

rasm

Ikkinchi o‘rinni 19,1 trln so‘mlik aholi depozitlari bilan Agrobank egallagan. Milliybank esa 18,2 trln so‘m bilan uchinchi o‘rinda turibdi. Agrobank Milliybankni qariyb 944 mlrd so‘mga ortda qoldirgan, Kapitalbank va Agrobank o‘rtasidagi farq esa 7,7 trln so‘mni tashkil qilmoqda.

Faqat shu uchta yetakchi bankning o‘zida jismoniy shaxslarning 64,1 trln so‘mlik mablag‘i jamlangan. Bu bank tizimidagi jami aholi depozitlarining 37,6 foiziga teng.

Keyingi o‘rinlarni O‘zsanoatqurilishbank 11,6 trln so‘m, Asakabank 9,7 trln so‘m va Anorbank 9,3 trln so‘mlik ko‘rsatkich bilan egallagan. Hamkorbankdagi aholi depozitlari 8,7 trln so‘mni tashkil qilib, bank reytingda yettinchi o‘rinda joylashgan.

Xalq bankida jismoniy shaxslarning 6,3 trln so‘mlik mablag‘i saqlanmoqda. Infinbankda bu ko‘rsatkich 6,1 trln so‘mni, TBC Bank’da 6 trln so‘mni tashkil qilgan. Aloqabank ham 5,99 trln so‘mlik depozit bilan TBC Bank’dan atigi 53 mlrd so‘mga ortda qolgan.

Ipak Yo‘li Bank va Biznesni rivojlantirish bankida jismoniy shaxslar depozitlari mos ravishda 5,4 trln so‘mni tashkil etgan. Ipoteka-bankda esa aholi mablag‘lari 5,1 trln so‘mga yetgan.

Shu tariqa, jismoniy shaxslar depozitlari eng ko‘p jamlangan banklar o‘ntaligi quyidagicha ko‘rinish olgan:

Beshta yetakchi bankdagi aholi depozitlarining umumiy hajmi 85,3 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu bank tizimidagi jami jismoniy shaxslar mablag‘larining 50,1 foiziga teng. Dastlabki o‘nta bankda esa 121,9 trln so‘m yoki barcha aholi depozitlarining 71,6 foizi jamlangan.

Aholi depozitlari bir yilda 40 trln so‘mdan ko‘proqqa oshgan

2025 yil 1-may holatiga O‘zbekiston banklaridagi jismoniy shaxslar depozitlari 129,9 trln so‘mni tashkil qilgan edi. Bir yil ichida bu ko‘rsatkich 40,3 trln so‘mga yoki 31 foizga oshib, 170,2 trln so‘mga yetgan.

Mutlaq miqdorda eng katta o‘sish Agrobankda kuzatilgan. Bankdagi aholi depozitlari bir yil ichida 10,4 trln so‘mdan 19,1 trln so‘mga yetgan. O‘sish 8,7 trln so‘m yoki 84,2 foizni tashkil qilgan. Natijada Agrobank jismoniy shaxslar depozitlari bo‘yicha Milliybankni ortda qoldirib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

Milliybankdagi aholi mablag‘lari bir yilda 13,3 trln so‘mdan 18,2 trln so‘mga yetib, 4,9 trln so‘mga ko‘paygan. O‘zsanoatqurilishbankda o‘sish 4,1 trln so‘mni, Kapitalbankda 3,3 trln so‘mni, Asakabankda esa 2,3 trln so‘mni tashkil qilgan.

Biznesni rivojlantirish bankida jismoniy shaxslar depozitlari 2,7 trln so‘mdan 5,4 trln so‘mga yetib, qariyb ikki baravar oshgan. Anorbankda aholi mablag‘lari 1,9 trln so‘mga, Hamkorbankda 1,6 trln so‘mga, Infinbankda esa 1,3 trln so‘mga ko‘paygan.

Nisbiy o‘sish bo‘yicha ayrim kichik va raqamli banklarda yanada yuqori ko‘rsatkichlar kuzatilgan. Jumladan, Uzum Bank’dagi jismoniy shaxslar depozitlari 68 mlrd so‘mdan 1,2 trln so‘mga, Hayot Bank’da 129 mlrd so‘mdan 1,8 trln so‘mga yetgan. Biroq bu holatda yuqori o‘sish sur’atiga avvalgi davrdagi kichik baza ham ta’sir qilgan.

Ayrim banklarda aholi mablag‘lari kamaygan

Bank tizimida umumiy o‘sish kuzatilganiga qaramay, ayrim banklarda jismoniy shaxslar depozitlari qisqargan. Eng katta pasayish Tenge Bank’da qayd etilgan. Bankdagi aholi mablag‘lari 1,77 trln so‘mdan 783 mlrd so‘mga tushib, qariyb 988 mlrd so‘mga yoki 55,8 foizga kamaygan.

Ziraat Bank Uzbekistan’da jismoniy shaxslar depozitlari 951 mlrd so‘mdan 655 mlrd so‘mga, Oktobank’da 650 mlrd so‘mdan 484 mlrd so‘mga tushgan. KDB Bank Uzbekistan’da pasayish 100 mlrd so‘mni, Orient Finans Bank’da esa 63 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Aholi xususiy banklarda ko‘proq pul saqlamoqda

Davlat ulushi mavjud banklarda jismoniy shaxslar depozitlari 82,3 trln so‘mni tashkil qilgan. Boshqa banklarda esa aholining 87,9 trln so‘mlik mablag‘i saqlanmoqda. Shu tariqa jismoniy shaxslar depozitlarining 51,6 foizi davlat ulushi mavjud bo‘lmagan banklar, 48,4 foizi esa davlat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bunda Kapitalbank, Anorbank, Hamkorbank, Infinbank va TBC Bank singari xususiy banklarning yuqori o‘rinlarda turishi muhim rol o‘ynamoqda. Shu bilan birga, Agrobank va Milliybankdagi tez o‘sish davlat banklarining aholi depozitlari bozoridagi mavqei ham mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid