O‘zbekistonliklar vizasiz kira oladigan davlatlar 50 taga yetkaziladi
2030 yilgacha o‘zbekistonliklar vizasiz bora oladigan davlatlar soni 16 taga oshiriladi.

O‘zbekiston fuqarolari vizasiz borishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni 2030 yilgacha 50 taga yetkaziladi. Bu maqsad 2026 yil 16-fevralda tasdiqlangan yangi tahrirdagi «O‘zbekiston 2030» strategiyasida belgilab qo‘yilgan.
Ayni vaqtda nechta davlatga vizasiz kirish mumkin?
Hozirgi kunda o‘zbekistonliklar 34 ta davlatga vizasiz kirish huquqiga ega. Joriy yilda yana ikki davlat bilan vizasiz rejim yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Natijada bu ko‘rsatkich 36 taga yetadi.
Strategiyaga muvofiq, 2027 yilda vizasiz qabul qiluvchi mamlakatlar soni 38 tagacha oshiriladi. 2028 yilda bu raqam 42 taga, 2029 yilda esa 46 taga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Shunday qilib, besh yil ichida qo‘shimcha 16 ta davlat bilan vizasiz tartib joriy etiladi.
Ayni paytda o‘zbekistonliklar 42 ta mamlakatga soddalashtirilgan viza tartibi asosida kirish imkoniyatiga ega. «O‘zbekiston 2030» strategiyasida ushbu ko‘rsatkichni ham 2030 yilgacha 60 tagacha oshirish vazifasi belgilangan.
Mobil platforma
Shuningdek, konsullik xizmatlarini raqamlashtirish doirasida mobil platforma ishlab chiqiladi. U orqali foydalanuvchilar sonini 60 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 8,5 ming nafarni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda o‘zbekistonliklar uchun Xitoy va Iordaniyaga vizasiz kirish tartibi joriy etilgan. Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi hamda boshqa qator davlatlar bilan ishchi va turistik vizalarni yengillashtirish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.





