O‘zbekistonliklarning asosiy daromad manbai nima ekanligi ma’lum qilindi

Bugun 17:152 daqiqa

Markaziy bank aholi daromadlari va xarajatlari bo‘yicha yangi so‘rovnoma natijalarini e’lon qildi.

O‘zbekistonliklarning asosiy daromad manbai nima ekanligi ma’lum qilindi © manba:illustrativ foto

O‘zbekiston aholisining 67 foizi asosiy daromad manbai sifatida oylik ish haqini ko‘rsatgan. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan so‘rovnoma natijalarida ko‘rish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘rovnomaning qolgan 33 foiz ishtirokchilari daromadlarini tomorqa, yollanib ishlash, tadbirkorlik, stipendiya, nafaqa va chet elda ishlayotgan qarindoshlar yuborgan pullar orqali topishini bildirgan. Dividend va depozit orqali daromad oluvchilar esa juda kam ulushni tashkil etgan.

Daromad oshishiga ishonch bor

So‘rovda qatnashganlarning yana 67 foizi kelgusida o‘z daromadlari oshishini kutmoqda. 25 foiz ishtirokchi daromadi o‘zgarmasligini bildirgan bo‘lsa, 8 foizi kamayish ehtimoli borligini aytgan.

Ayniqsa, oyiga 7–10 million so‘m daromad topuvchilar o‘z moliyaviy ahvoli yaxshilanishiga ko‘proq ishonch bildirgan. Kam va juda yuqori daromadli guruhlar esa ehtiyotkor pozitsiyani saqlab qolmoqda.

Sohalar kesimida qaralganda, maishiy xizmat, IT, OAV, qishloq xo‘jaligi, savdo va davlat boshqaruvida ishlovchilar ish haqi oshishiga ko‘proq umid qilmoqda. Fan, ta’lim, kommunal xizmatlar va qurilish sohalarida esa bu kutilmalar nisbatan past.

1

Xarajatlar o‘sishi kutilmoqda

So‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 76 foizi kelgusida xarajatlari oshishini taxmin qilgan. Bu holat aholining iste’mol faolligi saqlanib qolishini ko‘rsatadi.

O‘rta va nisbatan yuqori daromadli qatlamlar xarajatlarning ortishini ko‘proq kutmoqda. Eng past va eng yuqori daromadli guruhlar esa aksincha, xarajatlar kamayishi mumkinligini bildirgan.

2

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘smoqda

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil IV choragida daromadlar subindeksi 72,5 bandni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakka nisbatan 0,6 bandga, yillik hisobda esa 1,4 bandga oshgan.

Mazkur o‘sish aholi farovonligi bosqichma-bosqich yaxshilanib borayotganini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid