
«O‘zbekneftgaz» o‘z oldiga dolzarb 100 kunlik va 10 ustuvor vazifa belgiladi
Sanginov o‘tkazgan yig‘ilishlarda mahsulot tannarxini pasaytirish, neft bazalarida o‘g‘riliklarga va boshqa noqonnuniy xatti harakatlarning oldini olishga qaratilgan qat’iy choralar masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, 10 ta ustuvor vazifa belgilandi.

«O‘zbekneftgaz»da 23-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda transformatsiya, xarajatlarni qisqartirish va aholini uzluksiz gaz bilan ta’minlash 2026 yilga qaratilgan asosiy ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
«O‘zbekneftgaz» AJga yangidan rahbar etib tayinlangan Abdug‘ani Sanginov raisligida ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda sohada shu paytgacha bajarilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusi davr uchun aniq harakatlar rejasi va amaliy vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, departament rahbarlari va mas’ul xodimlar ishtirok etdi, deb xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.
Muhokamalarda 2026 yilga mo‘ljallangan kompleks rejalarni barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab chiqish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. Shuningdek, turli kredit liniyalarini jalb etmasdan, kompaniya faoliyatini barcha bosqichlarda yangilash va xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish muhim yo‘nalish sifatida belgilandi.
Yig‘ilishda mahsulot tannarxini bosqichma-bosqich pasaytirish, neft bazalarida talon-torojlik va boshqa noqonuniy holatlarning oldini olishga qaratilgan qat’iy choralarni kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda nazoratni kuchaytirish va javobgarlikni oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, kompaniyada transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, iqtisodiy blok faoliyatini tanqidiy tahlil qilish va ortiqcha xarajatlarni keskin qisqartirish vazifalari belgilab olindi. Mavjud moliyaviy resurslarni, avvalo, geologik qidiruv ishlariga va qazib olish hajmlarini tubdan yaxshilashga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.
Alohida ta’kidlangan masala — qishning sovuq kunlarida gaz qazib olishni barqarorlashtirish va aholini uzluksiz gaz bilan ta’minlash davlat siyosatida ustuvor ahamiyatga ega ekanidir. Qayd etilishicha, davlat rahbari belgilagan asosiy vazifa — xalq manfaatlaridan kelib chiqib ish ko‘rish, energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish va ijtimoiy barqarorlikni saqlashdan iborat.
23-dekabr kuni o‘tkazilgan yana bir yig‘ilishda kompaniyada «dolzarb 100 kunlik» e’lon qilinib, islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun 10 ta ustuvor vazifa belgilab olindi.
Rais o‘z nutqida jamiyat faoliyatini qamrab oluvchi yagona strategiya ishlab chiqish va uni amalga oshirish bo‘yicha aniq dastur zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda kompaniya islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun 10 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Ular qisqa va uzoq muddatli rejalarni shakllantirish, vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga xizmat qiladi.
Ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida strategik boshqaruv va kundalik operatsion faoliyatni ajratish belgilandi. Bu qaror rahbariyatni ortiqcha ma’muriy yuklamalardan xalos qilib, strategik qarorlar qabul qilish samaradorligini oshirishga qaratilgan. Shu bilan birga, bevosita raisga bo‘ysunadigan Strategiya ofisi tashkil etilishi rejalashtirildi.
Investitsiya siyosatida iqtisodiy samaradorlik asosiy mezonga aylanadi. Faqat to‘liq ishlab chiqilgan va rentabelligi isbotlangan loyihalar investitsiya dasturlariga kiritiladi. Qazib chiqarishda esa «hajm ortidan quvish» amaliyotidan voz kechilib, har bir kon bo‘yicha qo‘shilgan qiymat va foydalilik ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, geologik qidiruv ishlari xarajatlarini optimallashtirish, gazni chuqur qayta ishlashni kengaytirish, moliyaviy oshkoralikni ta’minlash, kredit yukini keskin kamaytirish, KPI asosida kadrlar siyosati va raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt joriy etish rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun kompaniyada «dolzarb 100 kun» rejimi e’lon qilindi.





