O‘zgidromet Toshkentda yomg‘irdan keyin havo nega tozalanmaganiga izoh berdi

03.03.2026 | 11:472 daqiqa

Yuqori namlik va shamolning sustligi atmosferadagi mayda ifloslantiruvchi zarrachalarning tarqalishini cheklab, ularning yerga yaqin qatlamda to‘planishiga sabab bo‘lgan.

O‘zgidromet Toshkentda yomg‘irdan keyin havo nega tozalanmaganiga izoh berdi © Javhar Chorshanbiyeva

Toshkent shahri va viloyatida yomg‘ir yog‘ganiga qaramay atmosfera havosidagi mayda zarrachalar — PM2,5 va PM10 konsentratsiyasi sezilarli darajada kamaymadi. Bu haqda «O‘zgidromet» rasmiy izoh berdi. Qayd etilishicha, tuman davrida va yomg‘irdan so‘ng PM2,5 ko‘rsatkichining oshishi keng tarqalgan holat hisoblanadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yomg‘ir vizual jihatdan havoni tozalovchi omil sifatida qabul qilinsa-da, atmosferadagi fizik va kimyoviy jarayonlar ancha murakkab. Tuman shunchaki namlik emas, balki mayda suv tomchilari majmuasi bo‘lib, ularda chang va quruq zarrachalar to‘planadi hamda ikkilamchi aerozollar shakllanadi.

Tuman sharoitida odatda shamol sust bo‘ladi, havo aylanishi cheklanadi va harorat inversiyasi kuzatiladi. Bu omillar ifloslantiruvchi moddalarning yerga yaqin qatlamda ushlanib qolishiga sabab bo‘ladi. Natijada PM2,5 konsentratsiyasi oshadi va havo sifati yaxshilanmaydi.

Kuchli yog‘ingarchilik paytida yirik tomchilar ifloslantiruvchi moddalarni samarali ravishda yuvib tushirishi mumkin. Shu bois ko‘rsatkichlar vaqtincha pasayadi. Biroq yomg‘irdan keyin mayda dispers zarrachalar miqdorining yana oshishi ehtimoli saqlanib qoladi.

Bu holat yuqori namlik sharoitida zarrachalarning gigroskopik xususiyatga ega bo‘lib, o‘lchami kattalashishi va o‘lchov asboblari tomonidan faolroq qayd etilishi bilan izohlanadi. Shuningdek, yog‘ingarchilikdan keyin namlikning bug‘lanishi ikkilamchi aerozollar hosil bo‘lishini kuchaytirishi mumkin. Shamolsiz sharoitda esa ifloslantiruvchi moddalar yerga yaqin qatlamda to‘planishda davom etadi.

«O‘zgidromet» vaziyat doimiy monitoring qilinayotganini, ma’lumotlar aniqlashtirilgandan so‘ng qo‘shimcha axborot taqdim etilishini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid