
Ozodlikka chiqarib yuborilgan Akmal Shukurov yana qamoqqa qaytarildi
U 215 ming yevrolik yirik firibgarlik hamda tungi klublardagi tizimli bezorilik harakatlari, jumladan, bir fuqaroni ayovsiz do‘pposlab, koma holatiga tushirgani uchun aybdor deb topilgan. Ushbu og‘ir jinoyatlarni sodir etgach, voqea joyidan qochib yashiringan Shukurov ko‘p o‘tmay Qozog‘iston hududida qo‘lga olingan edi.

Toshkent shahar sudi taftish instansiyasi prokuratura protestini qanoatlantirib, avvalroq ozodligi cheklangan sudlanuvchi Akmal Shukurovga nisbatan chiqarilgan ajrimni o‘zgartirdi va uni olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida yangi qaror qabul qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24-oktabrdagi hukmiga ko‘ra A. Shukurovga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.
Birinchi instansiya sudining ushbu hukmi ustidan A. Shukurov tomonidan apellyatsiya tartibida berilgan shikoyat Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqildi.
Mazkur jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish jarayonida jabrlanuvchilar A. Shukurovga nisbatan nisbatan moddiy va ma’naviy da’volari yo‘qligini bildirib, unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.
Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining joriy yilning 9-dekabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2025 yil 24-oktabrdagi hukmi o‘zgartirilgan.
Qayd etilishicha, apellyatsiya instansiyasi sudi A. Shukurovga nisbatan jazo tayinlashda, uning jinoyatni mast holatda, qasddan g‘araz va past niyatlarda sodir etgani jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb baholab, aybiga qisman iqrorligi, qilmishidan pushaymonda ekani, jabrlanuvchilarning moddiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligi, muqaddam sudlanmagani, jabrlanuvchilar sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo so‘raganini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, unga nisbatan 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan. A. Shukurovning qamoqda bo‘lgan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 3 yil 3 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan.
Toshkent shahar prokuraturasi taftish tartibida protest kiritib, unda A. Shukurovga nisbatan apellyatsiya sudi tomonidan chiqarilgan ajrimni bekor qilishni so‘ragan. Shuningdek, protestda A. Shukurovga birinchi instansiya sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining hukmini o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandi bilan tayinlangan jazoni o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi «ye» bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi «g» bandi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zgarishsiz qoldirish so‘ralgan.
Bugun mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining 3 nafar sudyadan iborat taftish hay’ati tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, prokuratura protesti qanoatlantirilgan.
E’lon qilingan ajrimga ko‘ra birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirilgan hamda apellyatsiya instansiya sudining ajrimi bekor qilingan.
A. Shukurovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat doirasida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanganligi sababli ushbu kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Shuningdek, A. Shukurovga Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «ye» bandi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan tayinlangan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi aslicha qoldirilishi belgilangan.
Shu tariqa, A. Shukurovga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Uning qamoqda saqlangan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 5 yil 3 oy 12 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan.
Ma’lumot uchun, Akmal Shukurovning jinoiy o‘tmishi bir necha og‘ir jinoyatlarni qamrab olgan bo‘lib, u 2022 yilda fuqaro I.Sh.ning ishonchiga kirib, Germaniyadan mikroavtobuslar yetkazib berish va’dasi bilan 215 ming yevro mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u poytaxtdagi ko‘ngilochar maskanlarda tizimli ravishda bezorilik qilib kelgan: 2024 yilda «Bootlegger» kafesida tanishini do‘pposlagan bo‘lsa, 2025 yilning martida «The Tower» mehmonxonasi yonida ayol kishiga tegajog‘lik qilib, uni himoya qilmoqchi bo‘lgan fuqaro B.ning yuziga kuchli zarba bergan. Oqibatda jabrlanuvchi og‘ir bosh miya jarohati bilan sun’iy koma holatiga tushib, murakkab operatsiyani boshdan kechirgan, Shukurov esa voqea joyidan qochib, Qozog‘istonda qo‘lga olingan edi.





