Logo

Parolni unutdingizmi? Google akkauntga «selfi-video» orqali kirish funksiyasini ishga tushirdi

Bugun 08:202 daqiqa

Google parolni unutgan yoki qurilmasini yo‘qotgan foydalanuvchilar uchun akkauntni yuzni videoga olish orqali tiklash imkoniyatini ishga tushirdi.

Parolni unutdingizmi? Google akkauntga «selfi-video» orqali kirish funksiyasini ishga tushirdi

Google kompaniyasi payshanba kuni akkauntga kirish va uni tiklash uchun yangi «selfi-video» funksiyasini ishga tushirdi. Bu haqda «Reuters» xabar bermoqda.

Yangi imkoniyat foydalanuvchilarga parol esdan chiqqanda yoki asosiy qurilmaga kirish imkoni bo‘lmaganda o‘z akkauntini tiklashning yana bir muqobil usulini taqdim etadi.

Tizimga ulanish uchun foydalanuvchi boshning turli burchaklarga harakatlanishi aks etgan qisqa videoni yozib olishi kerak bo‘ladi. Google bu yozuvni saqlab qoladi va keyinchalik akkauntga kirishga urinish vaqtida yuklangan jonli videolarni tasdiqlash uchun undan foydalanadi.

Dipfeyklardan himoya va maxfiylik

Mazkur funksiya firibgarlikdan kuchliroq himoya va qurilmalar yo‘qolgan holatlar uchun qulaylik yaratsa-da, shaxsiy hayot va biometrik ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha xavotirlarni ham keltirib chiqarishi mumkinligi aytilmoqda.

«Selfi-video foydalanuvchining roziligi bilan saqlanadi va u istalgan vaqtda o‘z Google akkauntidan buni o‘chirib tashlash imkoniga ega. Videodan faqatgina akkauntga kirish maqsadida foydalaniladi, foydalanuvchi qo‘shimcha maqsadlarda ishlatishga ruxsat bergan holatlar bundan mustasno», — deyiladi kompaniya xabarida.

Qayd etilishicha, Google soxtalashtirish urinishlarini, jumladan, dipfeyklarni aniqlash uchun bir nechta xavfsizlik tekshiruvlarini qo‘llaydi. Buning uchun yangi yozuv saqlangan selfi-video bilan solishtiriladi va video jonli ekanini tasdiqlovchi harakatlarni bajarish talab etiladi.

Funksiya payshanba kunidan boshlab belgilangan talablarga mos keluvchi foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘ladi. Hozirda aksariyat kompaniyalar akkauntni tiklash uchun ishonchli qurilmalar, ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamlari, qo‘shimcha kontaktlar va ikki bosqichli tasdiqlash usullaridan foydalanib kelmoqda.

Teglar

Mavzuga oid