Logo

Paynet yarim yilda 615 mlrd so‘m sof foyda oldi

Kompaniyaning sof foydasi bir yilda 3,1 baravar oshgan. Biroq 615,5 mlrd so‘mlik foydaning 321,1 mlrd so‘mi — yarmidan ko‘pi Humo’dan olingan dividend hisobiga shakllangan.

Paynet yarim yilda 615 mlrd so‘m sof foyda oldi

«Paynet» AJ 2026 yilning birinchi yarmini 615,5 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunladi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,1 baravar ko‘p. Bu haqda kompaniyaning moliyaviy hisobotida ma’lum qilindi.

Yanvar—iyun oylarida Paynet’ning daromadi 51 foizga oshib, 1 trln 142,2 mlrd so‘mga yetdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 756,5 mlrd so‘mni tashkil qilgandi.

Daromad bilan birga xarajatlar ham deyarli bir xil sur’atda o‘sdi. Davr xarajatlari 49,2 foizga ko‘payib, 779,5 mlrd so‘mga yetdi. Shundan 613,4 mlrd so‘mi sotish, 125,4 mlrd so‘mi boshqa operatsion va 40,7 mlrd so‘mi ma’muriy xarajatlarga to‘g‘ri keladi.

Natijada Paynet’ning asosiy faoliyatdan olgan foydasi 54,7 foizga oshib, 366 mlrd so‘mni tashkil qildi. Asosiy faoliyat rentabelligi ham 31,3 foizdan 32 foizga ko‘tarilgan.

Biroq yakuniy foydaning keskin o‘sishida asosiy omil Humo’dan olingan dividend bo‘ldi. Paynet’ning moliyaviy faoliyatdan daromadi bir yil avvalgi 100 mln so‘mdan 321,3 mlrd so‘mga yetgan. Uning 321,1 mlrd so‘mi dividend daromadidan iborat.

Paynet balansida bog‘liq kompaniyalarga kiritilgan 867,4 mlrd so‘mlik uzoq muddatli investitsiya mavjud. Bu Humo to‘lov tizimini boshqaruvchi «Milliy banklararo protsessing markazi» AJdagi ulush hisoblanadi.

1-iyul holatiga kompaniyaning jami aktivlari yil boshidan 6,1 foizga oshib, 1 trln 850,6 mlrd so‘mga yetgan. Ustav kapitali 815,3 mlrd so‘m darajasida saqlanib qolgan, zaxira kapitali esa qariyb ikki baravar ko‘payib, 40,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Shu bilan birga, taqsimlanmagan foyda 415,3 mlrd so‘mdan 391,6 mlrd so‘mga kamaygan. Balansdagi o‘zgarishlar kompaniya yarim yil davomida 615,5 mlrd so‘m foyda olganiga qaramay, qariyb 639,1 mlrd so‘m mablag‘ni taqsimlaganini ko‘rsatadi. Shundan 19,8 mlrd so‘mi zaxira kapitaliga yo‘naltirilgan.

Paynet’ning jami majburiyatlari 22,2 foizga oshib, 603,3 mlrd so‘mga yetgan. Ularning barchasi joriy majburiyatlardan iborat. Kompaniyaning uzoq muddatli majburiyatlari va bank kreditlari mavjud emas.

Paynet 2025 yilni 395,1 mlrd so‘m sof foyda bilan yakunlagandi. Demak, kompaniya joriy yilning dastlabki olti oyidayoq o‘tgan yil davomida olgan foydasidan 1,6 baravar ko‘p natija qayd etgan.

Kompaniya 2025 yil yanvarida Humo to‘lov tizimini boshqaruvchi «Milliy banklararo protsessing markazi»ning 100 foiz aksiyalarini 65 mln dollarga sotib olgandi.

Ma’lumot uchun, yana bir yirik to‘lov tashkilotlaridan biri Payme 2026 yilning birinchi yarmida 206 mlrd so‘m sof foyda olgandi. Click’ning foydasi esa hali rasman ochiqlanmadi.

Teglar

Mavzuga oid