Pelening afsonaviy futbolkasi sotuvga qo‘yiladi

Kecha 22:101 daqiqa

Futbol tarixidagi eng mashhur liboslardan biri Jahon chempionati vaqtida kimoshdi savdosiga chiqarilmoqda.

Pelening afsonaviy futbolkasi sotuvga qo‘yiladi

1958 yilgi Jahon chempionati finalida braziliyalik afsona Pele kiygan futbolka «Sotheby’s» kimoshdi savdosida sotuvga chiqariladi. Savdo 29-iyundan 16-iyulgacha davom etadi va mutaxassislar lot qiymatini 6 million dollarga baholamoqda. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.

Gap 17 yoshli Edson Arantis du Nasimentu — Pele Shvetsiyaga qarshi final bahsida kiygan 10-raqamli futbolka haqida ketmoqda. O‘sha uchrashuvda Braziliya raqibini 5:2 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixidagi ilk jahon chempionligiga erishgan.

Pele mazkur bahsda dubl qayd etgan va hozirgacha Jahon chempionati finalida gol urgan eng yosh futbolchi sifatida tarixda qolmoqda.

Nodir sport merosi

«Sotheby’s»ning zamonaviy kolleksiya buyumlari bo‘limi rahbari Bram Vaxterning ta’kidlashicha, bu libos futbol tarixidagi eng buyuk o‘yinchilardan birining yulduzga aylanish davri boshlangan kechada kiyilgan.

Ma’lum qilinishicha, finaldan keyin Pele ushbu futbolkani o‘zining jamoadoshi va yaqin do‘sti Didaga sovg‘a qilgan. Keyinchalik u Braziliyadagi muzey kolleksiyasiga o‘tgan va so‘ng amaldagi egasi tomonidan sotib olingan.

Kimoshdi savdosi Jahon chempionati paytida o‘tkaziladi. Savdolarlar turnir finaliga uch kun qolganda yakunlanadi.

Pele 2022 yilning dekabr oyida 82 yoshida saraton kasalligi oqibatida vafot etgan.

2026 yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.

Teglar

Mavzuga oid