
Pentagon rahbari jahon vaziyatini 1939 yil bilan taqqosladi
AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset dunyodagi hozirgi vaziyatni «falokat oldi payt» deb baholadi va uni 1939 hamda 1981 yillar bilan taqqosladi.

AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset Vashingtondagi Fort-Makneyr dengiz harbiy kollejidagi chiqishi chog‘ida jahondagi vaziyatni keskin baholadi. Uning fikricha, bugungi geosiyosiy muammolar va xavf-xatarlar tez sur’atda ortmoqda va tarixdagi yirik inqirozlar arafasini eslatmoqda.
«Dushmanlar birlashmoqda, tahdidlar kuchaymoqda. Buni siz ham his qilyapsiz, men ham», — dedi Hegset. Uning nutqi Forbes Breaking News’ning YouTube kanalida e’lon qilindi.
Vazir 1939 yilni misol sifatida keltirdi — aynan o‘sha yili Ikkinchi jahon urushi boshlangan edi. Shuningdek, 1981 yilda sovuq urushdagi yangi keskinlik boshlanganini, Polshada harbiy holat joriy etilganini va AQSH tomonidan SSSRga qarshi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanganini esga soldi.
Hegset o‘z chiqishida AQSHning dushmanlari saf tuzmoqda, deb ta’kidladi. Uning ta’birida bugungi vaziyat, ayniqsa, global xavfsizlik nuqtayi nazaridan katta e’tibor talab qiladi. Shunday sharoitda AQSH harbiylarining roli yanada muhim, deya u ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 1981 yili AQSH prezidenti etib Ronald Reygan saylangan va sovuq urush davridagi keskin munosabatlarga qaramay, uning ikkinchi muddati oxirida urush tugashi bilan yakunlangan.





