Pokistonning "Sindh Bank" banki O‘zbekistonda filial ochishi mumkin

07.03.2026 | 21:062 daqiqa

Pokistonning "Sindh Bank" banki O‘zbekistonda filial ochish va mahalliy banklar bilan korrespondent aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Pokistonning "Sindh Bank" banki O‘zbekistonda filial ochishi mumkin

Pokistonning "Sindh Bank" banki O‘zbekistonda o‘z filialini ochish istiqbollarini ko‘rib chiqmoqda. Bu masala O‘zbekiston Markaziy banki va mazkur bank vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn uchrashuvda muhokama qilindi.

Uchrashuv O‘zbekistonning Islomoboddagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi. Muzokaralarda ikki mamlakat bank tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, "Sindh Bank"ning O‘zbekistonda filial ochish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

"Sindh Bank" ijrochi direktori o‘rinbosari Asad Ali Shoh O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanayotganini ta’kidlab, uni moliyaviy infratuzilma orqali qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.

Shu maqsadda bank O‘zbekiston tijorat banklari bilan korrespondent bank munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirgan. O‘zbekiston tomoni esa "Sindh Bank" va mamlakatning yetakchi banklari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qildi.

Pokiston vakillari hamkorlikni dastlab RMA — banklar o‘rtasidagi munosabatlarni boshqarish tizimi orqali yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini bildirdi. Keyinchalik bank operatsiyalarini bosqichma-bosqich kengaytirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo operatsiyalarini milliy valutalarda amalga oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston kompaniyalari orasida o‘zbek so‘mi va Pokiston rupiyasidan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston banklari Yevropa, Xitoy, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo davlatlari banklari bilan mustahkam aloqalarga ega ekani ta’kidlandi. Bu Pokiston kompaniyalari uchun Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirish maqsadida zarur ma’lumotlar bilan almashishga kelishib oldi. Shuningdek, kelgusida O‘zbekiston banklari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun navbatdagi onlayn uchrashuvni o‘tkazish rejalashtirildi.

Teglar

Mavzuga oid