Pomidor, qovoq, kartoshka: fevralda qaysi mahsulotlar qimmatlashdi?

05.03.2026 | 17:352 daqiqa

Fevral oyida narxlar asosan oziq-ovqat mahsulotlari hisobiga oshgan. Shuningdek ichki va xalqaro yo‘lovchi transporti xizmatlari ham sezilarli oshgan.

Pomidor, qovoq, kartoshka: fevralda qaysi mahsulotlar qimmatlashdi? © SI asosida yaratilgan

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil fevral oyida O‘zbekistonda iste’mol tovarlari va xizmatlar narxi o‘rtacha 0,6 foizga oshgan.

Yillik hisobda iste’mol narxlari indeksi (INI) 7,3 foizni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan pastroq: 2025 yil fevral oyida inflatsiya 10,1 foizni tashkil etgan edi. Shu tariqa, yillik inflatsiya sur’ati bir yil ichida 2,8 foiz bandga pasaygan.

Narx-navo qanday o‘zgardi?

Fevral oyida narxlar asosan oziq-ovqat mahsulotlari hisobiga oshgan. Ularning narxi o‘rtacha 0,9 foizga qimmatlashgan. Nooziq-ovqat tovarlari narxi o‘rtacha 0,2 foizga, aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,6 foizga oshgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari orasida pomidor (12,1 foiz), qovoq (11,7 foiz), kartoshka (5 foiz), olma (4,1 foiz), uzum (3,5 foiz), banan (3 foiz), qo‘y go‘shti (2,6 foiz), shakar (2,1 foiz) va sabzi (1,8 foiz) narxi sezilarli oshgan.

Shuningdek, paranda go‘shti 1,4 foizga, mol go‘shti (suyaksiz go‘shtdan tashqari) 1,6 foizga qimmatlashgan. Tovuq tuxumi 0,7 foizga, obinon 0,6 foizga va birinchi navli bug‘doy uni 0,5 foizga oshgan.

Qaysi mahsulotlar arzonladi?

Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi esa pasaygan. Xususan, bodring 13,8 foizga, mandarin 5,6 foizga arzonlagan. Shuningdek, barcha navdagi guruch va guruch mahsulotlari narxi 0,9 foizga pasaygan. Bu omillar inflatsiyaning umumiy sur’atini biroz pasaytirgan.

Nooziq-ovqat tovarlari segmentida qimmatbaho metallardan tayyorlangan nikoh uzuklari narxi 1,5 foizga, tomir kengaytiruvchi preparatlar narxi esa 0,6 foizga oshgan. Shu bilan birga, AI-92 markali benzin narxi 0,5 foizga arzonlagan.

Xizmatlar narxi

Fevral oyida ayrim xizmatlar narxi ham oshgan. Xususan, uzoq masofaga qatnaydigan poyezdlarda yo‘l haqi 14 foizga qimmatlashgan. Maishiy chiqindilar uchun to‘lov 4,7 foizga oshgan.

Shuningdek, ichki va xalqaro yo‘lovchi havo transporti xizmatlari 4,4 foizga, erkaklar va o‘g‘il bolalar uchun sartaroshxona xizmatlari 0,9 foizga, stomatologik profilaktik xizmatlar 1 foizga hamda taksida yo‘l haqi 0,9 foizga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida inflatsiya 0,7 foizga pasaygan edi.

Teglar

Mavzuga oid