Poyezd, avtobus va metro uchun yagona to‘lov: 1 sentabrdan yangi narxlar kuchga kiradi
Toshkentdan 5 kmgacha yoki transport bosh rejalariga muvofiq shahardan ko‘pi bilan 12 kmgacha chetga chiquvchi yo‘nalishlar ham endi shahar avtobus yo‘nalishlari hisoblanadi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaJoriy yilning 1 sentabriga qadar Toshkent shahri jamoat transporti hamda shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarida yo‘lkira haqini to‘lashning integratsiyalashgan tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Hukumatning 2026 yil 3-iyundagi «Shahar yo‘lovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ma’lum qilindi.
Transport vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yo‘lovchilar uchun yangi tarif rejalarini ishlab chiqadi.
Yangi tartibga ko‘ra, shahar atrofidan qatnovchi yo‘lovchilar uchun jamoat transportidan foydalanishni qulaylashtirish maqsadida maxsus jozibador tarif rejalari joriy qilinadi. Xususan, yo‘lovchilar «elektropoyezd-avtobus» hamda «elektropoyezd-metro» yo‘nalishlarida uzluksiz va arzonlashtirilgan to‘lov tizimidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Shahar avtobus yo‘nalishlari masofasi kengaytirildi
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, shahar avtobus yo‘nalishlarining qamrov chegaralari ham qayta ko‘rib chiqilgan.
Endi quyidagi yo‘nalishlar ham shahar avtobus yo‘nalishlari hisoblanadi:
• Shahar chetidan 5 kilometrgacha tashqariga chiquvchi yo‘nalishlar;
• Shaharlarning transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejalariga muvofiq, ko‘pi bilan 12 kilometrgacha chetga chiquvchi yo‘nalishlar.
Ushbu o‘zgarishlar aholining shahar va shahar atrofi hududlarida harakatlanishini yanada osonlashtirishga qaratilgan.





