Prezident «Burhoniddin Marg‘inoniy» majmuasini ochib berdi

Milliy me’morchilik an’analari asosida bunyod etilgan, 35 gektar maydonni egallagan majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, o‘lkashunoslik muzeyi, adib va san’atkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis shoxobchalari singari ko‘plab bino va inshootlarni o‘z ichiga oladi.

Prezident «Burhoniddin Marg‘inoniy» majmuasini ochib berdi © Foto: president.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Marg‘ilon shahrida barpo etilgan «Burhoniddin Marg‘inoniy» ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbari ushbu majmua Farg‘ona viloyatining nafaqat madaniy, balki iqtisodiy va turistik salohiyatini ham oshirishini qayd etdi.

Prezident o‘z nutqida Farg‘ona viloyatini 2030 yilgacha rivojlantirish dasturi izchil amalga oshirilayotganini, hududda sanoat, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va IT sohalarida keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotganini ta’kidladi. Qo‘qon, Marg‘ilon va boshqa shaharlardagi yangilanishlar “Yangi O‘zbekiston nafasi”ning amaliy ifodasi sifatida baholandi.

Shu bilan birga, viloyat so‘nggi yillarda xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlar markaziga aylanib borayotgani qayd etildi. Qo‘qonda hunarmandchilik festivali, Rishtonda kulolchilik anjumanlari va hududlararo forumlar muntazam o‘tkazilayotgani buning yaqqol isboti sifatida keltirildi.

Majmua 35 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, u zamonaviy turizm va milliy me’morchilik uyg‘unligini namoyon etadi. Unda Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, muzey, hunarmandlar markazi, mehmonxona va turli servis obyektlari joylashgan.

Prezident ta’kidlaganidek, majmua avvalo Burhoniddin Marg‘inoniy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u ziyorat turizmini rivojlantirish, milliy hunarmandchilikni saqlash va yangi avlodni ma’naviy jihatdan tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi yillarda mamlakatda Samarqandda «Buyuk ipak yo‘li» va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda «Arda Xiva» markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik obyektlar barpo etildi. Ushbu loyihalar tufayli 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga qariyb 3 million sayyoh tashrif buyurib, turizm eksporti 1,1 milliard dollardan oshgan.

Ma’lum qilinishicha, qiymati 1,7 trillion so‘m bo‘lgan ushbu majmua ikki bosqichda quriladi. Kelgusida bu yerda biznes markaz, 1500 o‘rinli masjid, mehmonxonalar va yuzlab savdo-servis nuqtalari barpo etiladi. «Burhoniddin Marg‘inoniy» majmuasi nafaqat Marg‘ilon, balki butun Farg‘ona vodiysi turizm xaritasida yangi bosqichni boshlab beradi.

Teglar

Mavzuga oid