add

Prezident Jizzaxdagi AES uchun qurilish materiallarini mahalliylashtirish va soha kadrlari tayyorlash rejalari bilan tanishdi

02.12.2025 | 13:133012 daqiqa

Shavkat Mirziyoyev viloyatda amalga oshirilayotgan qator loyihalar bilan tanishib, taqdimotlar davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Prezident Jizzaxdagi AES uchun qurilish materiallarini mahalliylashtirish va soha kadrlari tayyorlash rejalari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, dastlab yo‘l infratuzilmasida a amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Jizzax viloyati markazini M-39 xalqaro avtomobil yo‘liga bog‘lash maqsadida qariyb 290 milliard so‘m hisobidan 700 metrlik yo‘l o‘tkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurildi. Ushbu yo‘l har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Ayni paytda Jizzax viloyatida integratsiyalashgan – ikkita kam quvvatli reaktor va ikkita katta reaktordan iborat atom elektr stansiyasini barpo etish boshlangan. Hozirgi bosqichda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari faol pallaga kirgan. Qurilish-montaj bazasi uchun yer tekislash, betonlash, armatura o‘rnatish ishlari bajarilmoqda. Quruvchilar yashashi uchun vaqtinchalik turar-joy majmuasi barpo etilgan.

Ta’kidlanishicha, atom elektr stansiyasi uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish, oliygohlarda soha uchun kadrlar tayyorlashni kengaytirish rejalari taqdimot qilindi.

Mazkur elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurish loyihasi haqida ma’lumot berildi. Shaharcha AESdan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan, 10 ming kishiga mo‘ljallangan bo‘ladi, unda barcha zarur infratuzilma, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ko‘zda tutiladi.

Prezident Jizzax shahriga kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha master-reja va renovatsiya loyihalari taqdimoti bilan ham tanishdi. Renovatsiya dasturi asosida Jizzaxda eski uy-joylar o‘rnida zamonaviy, qulay va xavfsiz turar-joylar barpo etilishi rejalashtirilgan.

– Jizzaxga kelishimizdan maqsad – viloyatning yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash va ro‘yobga chiqarish. bugungi Jizzax – kechagi Jizzax emas. Viloyatning salohiyati, imkoniyati karrasiga oshdi, odamlarning hayotga, ishga munosabati tubdan o‘zgardi. Shu imkoniyatlarni aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan aniq loyihalarga aylantirishimiz kerak, – dedi prezident.

Taqdimotlar davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Teglar

Mavzuga oid