Prezident ochgan yo‘llarni kimlar «to‘smoqda» yoxud bloger bojxona postlaridagi eski muammolar haqida
Obidjon Latipovning ta’kidlashicha, Prezident tomonidan turizm va erkin harakatlanish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga qaramay, bojxona tizimidagi eskicha ishlash usuli, soatlab cho‘ziladigan sun’iy navbatlar va xodimlarning noprofessional muomalasi oddiy fuqarolarni hamon sarson qilmoqda.
© Фото: Kun.uz
Bloger Obidjon Latipov o‘zining «Facebook» sahifasida mamlakat bojxona postlarida fuqarolar uchun hali ham qator muammolar, jumladan, uzun navbatlar, noto‘g‘ri tashkiliy ishlar va xodimlarning noprofessional muomalasi saqlanib qolayotganini haqida yozdi. Holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi munosabat bildirib, chegaradagi real vaziyat tanqidlardagidek emasligini ta’kidladi.
Blogerning e’tirozlari va chegaradagi sarsongarchiliklar
Latipovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda fuqarolarning sayohat qilishi va turizmni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochilayotganiga qaramay, bojxona sohasi bu o‘zgarishlarga moslasha olmagan. Bloger Toshkent-Olmaota yo‘nalishidagi avtobus qatnovi vaqtida O‘zbekiston chegarasidagi tranzit zonasida yo‘lovchilar, jumladan, yoshlar, qariyalar va homilador ayollar yomg‘irli va sovuq ob-havoda soatlab tik oyoqda kuttirilganini bildirgan. Xabarda aytilishicha, aynan shu avtobus va yo‘lovchilarni Qozog‘iston tomoni 15 daqiqada o‘tkazib yuborgan.
Shuningdek, muallif ikki yil avval shaxsiy avtomobilida Chimkentdan qaytishda chegarada 10 soat qolib ketganini va bu uzun navbatlar ish noto‘g‘ri tashkil etilgani tufayli yuzaga kelganini ta’kidlagan. Blogerning yozishicha, ushbu muammo yuzasidan Bojxona qo‘mitasi rahbariyatiga chiqishga uringan, ammo uzoq davom etgan navbatlar «Navoiy» postining ta’mirlanayotgani bilan izohlangan. Yaqinda ta’mirdan chiqqan ushbu «Navoiy» postida vaziyat o‘rnganilganda, holat o‘zgarmagani va hanuzgacha soatlab navbat kutilayotgani ma’lum qilingan.
«Bojxonachilarning malaka va saviyasi, muomalasi, huquqiy savodxonligi, dunyoqarashi qotib qolgani achinarli. Adolat yuzasidan aytib ketish kerak, bojxonada piar zo‘r ketyapti, ammo asosiy vazifalari bo‘lgan xalqqa xizmat qilish borasida bunday deb bo‘lmaydi», — deya yozadi muallif. Shuningdek, bloger fuqarolarga baqirish va qo‘pollik qilishni professional vazifa deb biladigan xodimlar o‘z o‘rniga noloyiq ekanini qo‘shimcha qilgan.
Bojxona qo‘mitasining rasmiy munosabati
Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev blogerning tanqidlariga javob qaytarib, chegara bojxona postlaridagi bugungi manzara u o‘ylagan darajada emasligini aytdi.
Qo‘mita vakilining keltirgan statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yil davomida bojxona chegaralarini 20 million jismoniy shaxs kesib o‘tgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 60 millionni, 2026 yilning dastlabki 5 oyida esa 23 millionni tashkil qilgan.
Tangriyevning izohlashicha, avtobus yo‘lovchilarining pastga tushirilishi ularning chegara zallarida pasport nazoratidan o‘tishlari uchun zarur jarayondir.
«Avtobus o‘zimizniki deganingiz bilan unda noqonuniy tovar olib o‘tilmaydi degani emas. Afsuski, avtobuslarda ham noqonuniy va yashirincha tovar olib o‘tishga urinishlar aniqlanmoqda», — deya qayd etgan matbuot kotibi.
Shuningdek, chegara o‘tkazish punktlarida bir nechta xizmat xodimlari faoliyat olib borishi, yo‘lovchilar esa ko‘pincha chegarachi (pasport nazorati) va bojxona xodimlarini o‘zaro adashtirib yuborishi ta’kidlangan. Yengil avtomashinalar uchun bojxonada yashil va qizil yo‘laklar tashkil qilingani ham ma’lum qilingan.
Tizim xodimlarining muomalasi va shaxsiy ko‘rik masalasiga to‘xtalar ekan, matbuot kotibi barcha bojxonachilarni yoppasiga haqorat qilish noo‘rin ekanini bildirgan. Agar qaysidir xodim qo‘pollik qilgan bo‘lsa, fakt va dalil bilan murojaat qilingan taqdirda u jazolanishi aytib o‘tilgan.
«Yechintirib tekshirish, shaxsiy ko‘rik o‘tkazish siz pesh qilayotgan darajada bojxonachilarning qo‘lidagi 'kuzir' emas», — deya ta’kidlagan Tangriyev. Bunday ko‘rik o‘tkazish uchun xodim rahbaridan ruxsat olishi, shubha-gumonini asoslab berishi hamda bu amaliyot xolislar ishtirokida o‘tkazilishi shartligi tushuntirilgan. Qo‘shimcha qilinishicha, bu amaliyot umumiy yo‘lovchilarning 0,0001 foizini ham tashkil qilmaydi va yoppasiga hech kim tekshirilmayotgani aytilgan.
Munosabat yakunida Husan Tangriyev blogerning og‘zini yopish niyati yo‘qligini, aksincha, real vaziyatni ichkaridan ko‘rsatish maqsadida unga eksklyuziv tur tashkil qilishga tayyorligini bildirgan.




