Prezident O‘zbekistonning yerosti boyliklari qiymatini ma’lum qildi
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston boy tabiiy resurslar – oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa noyob zaxiralarga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zladi.
Qayd etilishicha, mamlakat sanoatining barcha tarmoqlarida yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymatni yaratish bo‘yicha katta dasturlar boshlangan.
«Yaxshi xabardorsiz, O‘zbekiston boy tabiiy resurslar – oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa noyob zaxiralarga ega. Strategik xomashyo bo‘lgan yer osti boyliklarimizning umumiy qiymati 3 trillion dollar deb baholanmoqda», – dedi prezident.
Ta’kidlanishicha, mazkur sohadagi imkoniyatlarni xorijiy investorlarga taqdim etish maqsadida ochiq raqamli geologiya ma’lumotlar bazasi yaratiladi.
Shuningdek, auksionga qo‘yiladigan konlar 4 karra ko‘paytiriladi, «qazib olishdan tayyor mahsulotgacha» bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent va Samarqandda barpo etilayotgan «Kelajak metallari» texnoparklariga xorijiy sarmoya keng jalb qilinadi.
Ma’lum bo‘lishicha, mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika, farmatsevtika kabi «drayver» tarmoqlarda ham 30 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish taklif qilinmoqda.





