Logo

Prezident Shahnoza Mirziyoyevaga muhim vazifa yukladi

Bugun 21:502 daqiqa

Davlat rahbari Ijtimoiy reyestrni yuritishdagi jiddiy kamchiliklar, xususan, ehtiyojmand oilalarning arizalarini asossiz rad etish holatlarini tanqid qildi.

Prezident Shahnoza Mirziyoyevaga muhim vazifa yukladi © Фото: Президент матбуот хизмати

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarda ijtimoiy yordamlarni manzilli yetkazish va Ijtimoiy reyestrni yuritishdagi jiddiy kamchiliklar tanqid qilindi.

Qayd etilishicha, ayrim hududlarda fuqarolarni Ijtimoiy reyestrga kiritish asossiz rad etilayotgani yoki ular sun’iy ravishda reyestrdan chiqarilayotgani kuzatilmoqda.

Bu holat ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy nafaqalar, bolalarini davlat bog‘chasiga joylashtirish, to‘garaklardan foydalanish kabi kafolatlangan xizmatlardan mahrum bo‘lishiga olib kelmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 184 ta mahallada bir oy ichida kelib tushgan 2 mingta arizaning barchasi asossiz ravishda rad etilgan.

Nazorat kuchaytiriladi

Ma’lum qilinishicha, Ijtimoiy reyestrga kiritish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan Prezident nomiga kelib tushgan murojaatlar yil boshidan 1,5 barobarga oshib, 30 mingdan 46 mingtaga yetgan.

Shu munosabat bilan Bosh prokuraturaga Ijtimoiy reyestrning qonuniy va to‘g‘ri yuritilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirilgan.

Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga reyestrning haqqoniyligi yuzasidan Prezidentga muntazam axborot berib borish vazifasi yuklatilgan.

25 turdagi xizmat mahalla darajasiga tushiriladi

Yig‘ilishda yil yakuniga qadar nogironlikni erta aniqlash, uy-joylarni moslashtirish, ijtimoiy uylarga joylashtirish kabi 25 turdagi ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasiga tushirish vazifasi belgilangan.

Uch oy ichida demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmatlari, «Madad» uylari tashkil etiladi.

Shuningdek, 75 ta mahallada yolg‘iz va parvarishga muhtoj keksalar uchun «Faol hayot» dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Qarovsiz qolgan hamda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalar uchun esa «Qo‘llab-quvvatlash markaz»lari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Prezident Shahnoza Mirziyoyevaga muhim vazifa yukladi | Vaqt.uz