
Prezident Shahnoza Mirziyoyevaga yangi vazifa yukladi
O‘zbekistonda 2026 yildan nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun yangi bandlik dasturi boshlanishi belgilandi.

2026 yildan «Teng imkon – inklyuziv bandlik» loyihasini joriy etib, nogironligi bo‘lgan 40 ming odamni ishli qilish muhim. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ta’kidladi.
«Hamma eshitib olsin, bundan buyon daromad topish imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslar kambag‘allar reyestrida bo‘lmaydi. Ularni qo‘llab-quvvatlashni davlat zimmasiga oladi», - dedi prezident.
Qayd etilishicha, «Teng imkon – inklyuziv bandlik» loyihasi doirasida nogironligi bo‘lgan 40 ming odamni ishli qilish uchun Bandlik jamg‘armasidan ularga 30 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Kambag‘allikka qayta tushish xavfi mavjud oilalarga ijtimoiy yordam va imtiyozlar saqlab qolinadi.
Ularga 6 oy mobaynida moddiy yordam va bolalar nafaqasi to‘lanishi davom ettiriladi, bog‘cha va to‘garak xarajatini qoplash, davolanish orderi kabi 110 ta ijtimoiy xizmat va yordamdan 12 oy davomida qo‘shimcha foydalanish imkoni beriladi.
Bundan tashqari, og‘ir hayotiy vaziyat sababli kambag‘allikka tushib qolishi xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni oldindan aniqlab, ularga manzilli yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Bu vazifalar ustidan nazorat hamda viloyat hokimlari bilan ijrosini tashkil qilish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.





