Logo

Prezident yil yakunigacha 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarishni topshirdi

Hokimlarga sentabr-dekabr oylarida 350 ming odamni doimiy ishga joylashtirish va yana 1 million aholining daromadini ko‘paytirish majburiyati yuklandi.

Prezident yil yakunigacha 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarishni topshirdi © president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda hududlardagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish vazifalari belgilab berildi.

Davlat rahbari viloyat va tuman hokimlari shtablar faoliyatini samarali tashkil etib, mavjud yangi imkoniyatlardan to‘liq foydalanishi shartligini ta’kidladi.

Hokimlar sentabr-dekabr oylarida 350 ming odamni doimiy ishga joylashtirish va yana 1 million aholining daromadini ko‘paytirish majburiyatini oladi.

Yig‘ilishda yil yakuniga qadar 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi ham belgilandi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq mexanizm va harakatlar algoritmini ishlab chiqish, mahalla darajasida mas’ullarni belgilash zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbari Xitoy tajribasi asosida tuman va mahallada aholi bilan bevosita ishlaydigan xodimlar uchun aniq ko‘rsatmalar ishlab chiqishni ham topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid