Logo

Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi uchun qancha mablag‘ borligi aytildi

Bugun 14:002 daqiqa

Lider tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 million so‘mgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, 5 milliard so‘mgacha garovsiz kredit olishi mumkin bo‘ladi.

Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi uchun qancha mablag‘ borligi aytildi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda hozir oilaviy tadbirkorlik uchun 1 trillion 370 milliard so‘m, yoshlar tadbirkorligi uchun esa 450 milliard so‘m resurs mavjud. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga o‘tkazilishi belgilandi. Unga ko‘ra, tuman shtablari kimga qancha kredit berish, uni naqd yoki naqdsiz shaklda ajratish, mablag‘ni qaytarish muddatini uzaytirish va to‘lov grafigini biznes turiga moslashtirishni mustaqil hal qiladi.

Shuningdek, inklyuziv moliyalashtirish masalalari ham shtablar vakolatiga o‘tkaziladi. Tuman shtablariga mahalliy sharoit va loyihalarning samaradorligidan kelib chiqib, moliyalashtirish masalalarini mustaqil hal etish imkoniyati beriladi. Lider tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 million so‘mgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, 5 milliard so‘mgacha garovsiz kredit olishi mumkin bo‘ladi.

Kredit tarixida kechikish bo‘lgan ehtiyojmand aholining loyihalarini ham individual baholash asosida imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi. Kambag‘allik jamg‘armasidagi 240 milliard so‘m, Bandlik jamg‘armasidagi 100 milliard so‘m va uchta «daftar»dagi 760 milliard so‘m mablag‘ tuman shtablari ixtiyoriga beriladi.

Endi tuman shtabi subsidiya yoki foizsiz ssuda berish masalasini ham mustaqil hal qiladi. Tadbirkorlik kompaniyasining kompensatsiyalar uchun yil yakuniga qadar nazarda tutilgan 300 milliard so‘mlik qoldig‘i ham shtablar orqali ajratiladi. Shu tariqa tumanlar ixtiyoriga jami 3 trillion 200 milliard so‘m resurs yo‘naltirilib, mablag‘larning aniq natija berishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tumanlarda bir kishini kambag‘allikdan chiqarishga qancha pul sarflangani aytilgandi.

Teglar

Mavzuga oid