
Prezidentlik maoshidan ham ko‘p: Baydenning qancha pensiya olishi ma’lum bo‘ldi
U Amerika prezidentlari tarixidagi eng katta nafaqani olmoqda.

AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden davlat hisobidan to‘lanadigan eng yirik pensiya bilan nafaqaga chiqqan prezident sifatida tarixga kirdi. Milliy soliq to‘lovchilar uyushmasi jamg‘armasi tahliliga ko‘ra, Baydenning yillik pensiya daromadi 417 ming dollarni tashkil etib, bu hatto uning prezident sifatida olgan 400 ming dollarlik maoshidan ham yuqori.
Mutaxassis Demyan Bredining ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich Baydenning senator, vitse-prezident va prezident sifatida uzoq yillar xizmat qilgani bilan izohlanadi. U bir vaqtning o‘zida ikki davlat pensiya tizimidan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan kam sonli siyosatchilardan biri hisoblanadi.
Xususan, Bayden 1958 yilda qabul qilingan «Sobiq prezidentlar to‘g‘risida»gi qonun asosida prezidentlik pensiyasini, shuningdek, senatorlar uchun mo‘ljallangan fuqarolik xizmati pensiya tizimi orqali qo‘shimcha daromad oladi. Ushbu tizim senatda 44 yillik faoliyat va eng yuqori maosh olingan yillarni inobatga olgan holda hisoblanadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Bayden senatorlik va vitse-prezidentlik faoliyati uchun yillik 166 ming dollarga yaqin pensiya oladi. Prezident sifatida esa u hozirgi vazirlar mahkamasi a’zosi maoshiga teng — 250 ming dollardan ortiq pensiyaga ega. Qonunga ko‘ra, bu imtiyozlar umrbod saqlanib qoladi.
Bundan tashqari, 2026 moliya yilida davlat Bayden uchun ofis, xodimlar va uskunalarni o‘z ichiga olgan qo‘shimcha imtiyozlarga 1,5 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgan.
Bredining so‘zlariga ko‘ra, Baydenning boshlang‘ich pensiyasi turmush o‘rtog‘i uchun ajratilgan 18 186 dollarni ham qo‘shgan holda 166 374 dollargacha yetishi mumkin. U bu hisob-kitob Bayden senatorlik pensiyasi miqdorini maksimal darajada oshirishga intilgan degan taxminga asoslanganini ta’kidlagan.





