add

Putin: Tramp rejasini qabul qilmayotganlar Rossiyaga mag‘lubiyat tilayotganlar

Bugun 08:305512 Daqiqa

Putinga ko‘ra, Ukraina va Yevropada Trampning yangilangan tinchlik rejasiga qarshi bo‘lish sababi — Rossiyaga «strategik mag‘lubiyat» tilash.

Putin: Tramp rejasini qabul qilmayotganlar Rossiyaga mag‘lubiyat tilayotganlar

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH prezidenti Donald Tramp taklif etgan yangilangan tinchlik rejasini Ukraina va Yevropa qabul qilmayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu qaror Rossiyaga «strategik mag‘lubiyat» yetkazishga intilish bilan bog‘liq.

Putinning aytishicha, yaqinda Alyaskada AQSH bilan aloqalardan so‘ng «pauza» yuzaga kelgan va bu Ukraina tomoni Trampning avvalgi rejasini rad etgani bilan bog‘liq. Shundan so‘ng Tramp 28 bandidan iborat yangilangan loyihani taqdim etgan. Rossiya bu reja bilan tanish, ammo hali to‘liq muhokama qilinmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va uning Yevropa ittifoqchilari real voqelikni anglash o‘rniga hali ham Rossiyani yengish orzusida yashamoqda. Putin bu pozitsiyani «jang maydonidagi haqiqiy ahvol borasida ma’lumot yetishmasligi» bilan izohladi. Shu bilan birga, u Rossiya har qanday ssenariyga tayyorligini bildirib, joriy frontdagi «dinamika»dan ham mamnun ekanini aytdi.

Putin, xususan, Kupyansk 4-noyabrga kelib to‘liq rossiyaliklar nazoratiga o‘tganini ta’kidlab, shunday voqealar boshqa nuqtalarda ham takrorlanishini bildirdi. «Agar Kiyev Tramp rejasi bo‘yicha muzokara qilmoqchi bo‘lmasa, demak u oqibatlarga tayyor bo‘lishi kerak», — dedi u.

Tramp taklif etgan reja Rossiyaga Donbassni to‘liq topshirish, Ukraina NATOdan voz kechishi, qurolli kuchlarni qisqartirish, xorijiy harbiylardan voz kechish va mamlakatning neytral maqomini kafolatlashni nazarda tutadi. Bunga javoban Rossiyaga bosqichma-bosqich sanksiyalar yengillashtirilishi, G8 formati tiklanishi va amnistiya berilishi taklif etilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bu rejaning asosiy bandlarini rad etdi. Zelenskiy faqat adolatli va barqaror tinchlik uchun Tramp ma’muriyati bilan ishlashga tayyorligini bildirdi.

Avvalroq Volodimir Zelenskiy Ukraina tashqi bosim ostida taqdiri hal bo‘ladigan tanlov qarshisida turganini aytgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Putin: Tramp rejasini qabul qilmayotganlar Rossiyaga mag‘lubiyat tilayotganlar | Vaqt.uz