add

Putin Trampga Uitkoffdan sovg‘a berib yubordi

Kecha 21:235562 daqiqa

Uitkoff Putin bilan muzokaralardan so‘ng Trampga ikra olib borgan.

Putin Trampga Uitkoffdan sovg‘a berib yubordi

AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff Trampga Rossiyadan kelgan noodatiy sovg‘a — Uzoq Sharqdan keltirilgan bir quti qizil ikrani topshirdi. Bu haqda "RBK" gazetasi Xabarovsk o‘lkasi Sanoat va savdo vazirligiga tayanib xabar bermoqda.

Nashrning ta’kidlashicha, Uitkoff Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar arafasida Moskvadagi «Savva» restoranida tushlik qilayotgan paytida ikradan tatib ko‘rgan.

Ikra Uitkoffda kuchli taassurot qoldirganidan Rossiya tomoni maxsus vakilga kichik sovg‘a emas, balki bir quti ikra hadya qilishga qaror qilgan. Uitkoff esa uni AQSHga olib borib, shaxsan Trampga topshirgan.

Ikra Xabarovsk o‘lkasining Nikolayevsk rayonida joylashgan baliq kombinatida ishlab chiqarilgan. Nashrning qayd etishicha, mintaqa hukumati ushbu gastronomik epizodni «yumshoq kuch» elementiga aylantirib, delikatesning Uzoq Sharqdagi zavoddan Oq uygacha bo‘lgan yo‘lini ommaviy ravishda qayd etgan.

Uitkoffning Moskvaga tashrifi ancha jiddiy mazmunga ega edi. Uning Putin bilan muzokaralari 2-dekabr kuni bo‘lib o‘tdi va besh soatdan ortiq davom etib, yarim tundan keyin yakunlandi. Tomonlar Ukrainadagi tinchlik rejasi parametrlari hamda Moskva va Vashington o‘rtasidagi muloqotning kelgusi qadamlarini muhokama qilishgan. Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov keyinchalik bu suhbatni foydali, konstruktiv va mazmunli deb baholadi.

E’tiborlisi shundaki, AQSHning 2022 yilda Ukraina urushi boshlanganidan keyin Rossiya eksportiga qarshi joriy etgan sanksiyalari qizil ikrani chetlab o‘tgan. Rossiya Federatsiyasi boshqa turdagi mahsulotlarga qo‘yilgan cheklovlarga qaramay, ushbu tovarni Amerika bozoriga yetkazib berishda davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid