Logo

Qahramonjon Olimovning «Anorbank»dagi vakolatlari muddatidan oldin tugatildi

Bugun 14:543 daqiqa

Bankirning o‘rniga yangi nomzod saylandi. Uning vakolatlari Markaziy bank roziligi olinganidan keyin kuchga kiradi.

Qahramonjon Olimovning «Anorbank»dagi vakolatlari muddatidan oldin tugatildi © Ijtimoiy tarmoqlar

«Anorbank» aksiyadorlarining 28-oktabrdagi navbatdan tashqari yig‘ilishida Qahramonjon Olimovning Kuzatuv kengashi a’zosi sifatidagi vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ovoz beruvchi aksiyalarning 100 foizi qatnashgan. Olimovning arizasini qanoatlantirish va vakolatlarini tugatish to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan ma’qullangan. Uning o‘rniga Konstantin Alekseyevich Voistinov Kuzatuv kengashi a’zoligiga saylangan. Qarorga ko‘ra, uning vakolatlari Markaziy bank roziligi olinganidan keyin kuchga kiradi. Bank boshqaruviga nomzodni regulyator bilan belgilangan tartibda kelishish vazifasi yuklatilgan.

Ochiq ma’lumotlarda Konstantin Voistinov O‘zbekiston bank va sug‘urta sohasida faoliyat yurituvchi taniqli mutaxassis va boshqaruvchi ekani aytilgan. U «Kapital sug‘urta» AJning 2023 yil 30-iyundagi aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishi bayonnomasi qaroriga muvofiq, kompaniya Kuzatuv kengashi tarkibiga 3 yil muddatga saylangandi.

Shuningdek, u «Anorbank» AJ boshqaruvi raisining maslahatchisi sifatida faoliyat olib borgan. Bu haqda ham «Kapital sug‘urta» boshqaruv organlari hisoboti ma’lumotlarida uning asosiy/qo‘shimcha ish joyi sifatida qayd etilgan.

Bundan tashqari, mikromoliya tashkilotlaridan biri bo‘lmish «GLEVER MIKROKREDIT TASHKILOTI» MCHJda ijrochi direktor maslahatchisi ekani ko‘rsatilgan. U bir necha yil davomida «Kapitalbank» ATB boshqaruv a’zosi hamda boshqaruv raisining o‘rinbosari bo‘lgan.

Olimov 2-oktabr kuni «Anorbank»ning kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza bergandi. Mazkur masala 28-oktabr kuni aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestrining avval e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, «Anorbank» aksiyalarining 49,4 foizi Olimovga tegishli edi, 50 foizi Niderlandiyaning Bekamin B.V. kompaniyasiga, 0,6 foizi esa «Kapital Sug‘urta» sug‘urta kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.

Oldinroq Olimov Interpol qidiruviga tushib, sal o‘tmay qidiruv bekor qilingandi. U 16-oktabr kuni so‘nggi 18 oy davomida o‘zi va oilasi turli hujumlarga duch kelganini aytib chiqdi. Bankir bu harakatlar jinoyatligi va qonunga zidligini aytdi. Olimov ushbu bayonotni noto‘g‘ri ma’lumotlarga aniqlik kiritish va voqealar haqida haqiqatni bayon qilish uchun berganini bildirdi.

Olimov 2025-yil 24-iyunda Parijda uni o‘g‘irlab ketishganini yana bir bor ta’kidladi. U Fransiya va O‘zbekiston sud tizimlariga ishonishini aytib, bu voqealarga mas’ul shaxslar qilmishlari uchun javob berishiga qat’iy ishonishini bildirdi.

Fitch «Anorbank» reytingini yana pasaytirdi

«Fitch Ratings» 8-oktabr kuni «Anorbank»ning milliy va xorijiy valutadagi uzoq muddatli reytingini «CCC+» dan «CCC» ga tushirdi. Bankning hayotiylik reytingi ham «ccc+» dan «ccc» ga pasaydi. Ikkala reyting «salbiy» kuzatuv ro‘yxatiga kiritildi. Bu reyting sentabr oyidan beri ikkinchi marta pasayish hisoblanadi.

«Anorbank»ning moliyaviy ko‘rsatkichlari qanday?

2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, «Anorbank»ning aktivlari 21,4 trln so‘m, majburiyatlari esa 19,8 trln so‘mni tashkil etgan.

Bankning likvidlik ko‘rsatkichlari Markaziy bank tomonidan belgilangan minimal talablardan yuqori bo‘lgan. Jumladan, yuqori likvidli aktivlarning jami aktivlardagi ulushi 16,9 foizni tashkil etgan, minimal talab esa 10 foiz etib belgilangan.

Shuningdek, likvidlikni qoplash me’yori (LCR) 116 foiz, sof barqaror moliyalashtirish me’yori (NSFR) 128 foizni tashkil etgan. Har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha minimal talab 100 foizga teng. Bankning regulyativ kapital monandligi koeffitsiyenti 13 foiz bo‘lgan. Bu ham belgilangan 12 foizlik minimal talabdan yuqori.

Bundan tashqari, Markaziy bankning bank tizimi bo‘yicha taqqoslama ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatida «Anorbank» aktivlari 20,2 trln so‘mni tashkil etgan. Aktivlar hajmi bo‘yicha bank bir yil ichida tizimdagi banklar orasida 17-o‘rindan 14-o‘ringa ko‘tarilgan.

Shu davrda bankning depozit portfeli 16,2 trln so‘mga yetib, bir yil ichida 44 foizga oshgan. Bank tizimi bo‘yicha depozitlarning o‘rtacha o‘sishi esa 34 foizni tashkil etgan. Depozit portfeli hajmi bo‘yicha «Anorbank» 13-o‘rindan 12-o‘ringa, davlat ulushi bo‘lmagan banklar orasida esa 6-o‘rindan 5-o‘ringa ko‘tarilgan. Umuman olganda, keltirilgan ko‘rsatkichlar «Anorbank»ning likvidligi, kapitali va depozit bazasi bo‘yicha ijobiy dinamikaga ega ekanini ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid