Logo

Qamchibek Tashiyev 2027-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashmasligini aytdi

Bugun 13:472 daqiqa

U saylovlarda amaldagi prezident Sadir Japarovni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Qamchibek Tashiyev 2027-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashmasligini aytdi © Sputnik

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev 2027-yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish niyatida emasligini ma’lum qildi. Uning bayonotini «Region» telekanalining sobiq bosh direktori O‘tkirbek Rahmonov o‘zining Facebook sahifasida e’lon qildi.

Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda uni bo‘lajak prezidentlik kampaniyasi bilan bog‘laydigan turli mish-mishlar va yolg‘on ma’lumotlar tarqalmoqda. Natijada u o‘z pozitsiyasini omma oldida e’lon qilishga qaror qildi.

«Men 2027-yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etmayman. Ilgari ham buni bir necha bor aytganman. Bugun so‘zlarimni takrorlayman. Mening pozitsiyam o‘zgarmadi va o‘zgarmaydi ham», — degan u.

Shuningdek, u saylovlarda amaldagi prezident Sadir Japarovni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Tashiyev shu bilan biga, davlatga qilgan xizmatidan faxrlanishini va mamlakat farovonligi uchun ishlashda davom etish niyatida ekanini qo‘shimcha qildi.

Xulosa qilib aytganda, u fuqarolarni uning nomidan yolg‘on ma’lumot tarqatayotganlarga ishonmaslikka chaqirdi, chunki uning aytishicha, o‘sha odamlarning maqsadi jamiyatda nizo qo‘zg‘ash va milliy birlikka putur yetkazishdir.

«75lar xati»

Joriy yilning 9-fevral kuni internetda prezident Sadir Japarov va o‘sha paytdagi Jogorku Kenesh spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li nomiga mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish so‘rovi bitilgan jamoaviy murojaat paydo bo‘lgandi. Xatni 75 nafar turli jamoat va siyosat arboblari imzolagan. Oradan hech qancha o‘tmay, 10-fevral kuniyoq Qamchibek Tashiyev MXDQ raisi lavozimidan mahrum bo‘ldi. Japarov uning iste’fosini izohlar ekan, jamiyatda tarqoqlik va bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shunday qarorga kelganini aytgan edi. Aprel oyida Tashiyev va bir qator taniqli siyosatchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani yuzaga chiqdi.

2-iyul kuni Bishkekning Birinchi may tuman sudi ana shu shov-shuvli jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqardi. Ish figurantlari orasida sobiq yuqori lavozimli amaldorlar va siyosatchilar bor edi. Sud muhokamasi yopiq tartibda o‘tgan bo‘lsa-da, hukm ommaviy ravishda e’lon qilindi. Ularning bari «hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash» bo‘yicha aybdor deb topildi va mol-mulki musodara qilingan holda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ammo boshqalar qatori Tashiyev ham mansab mavqeini suiiste’mol qilmagani aytilib, oqlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi uch yil muddatga probatsiya nazoratiga almashtirildi. Agar ushbu uch yil davomida mahkumlar qonunni yoki probatsiya shartlarini buzsa, ularga haqiqiy qamoq jazosi xavf soladi.

Shu tariqa, ular jazoni koloniyada o‘tamaydigan bo‘ldi. Tabiiyki Tashiyev ishdan rozi emas va yuqori instansiyaga shikoyat qilish istagida. Uning advokati Ikromiddin Aytqulov hukm ustidan apellyatsiya shikoyati berishini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, sud qaroridan bir kun o‘tib Tashiyev futbol o‘yinida ko‘rinish bergandi. U Qirg‘iziston Premer-ligasi doirasidagi «Muras United» va «Asiagol» o‘rtasidagi o‘yinni ko‘rishga borgan.

Teglar

Mavzuga oid