
Qashqadaryoda 300 MW quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi
Loyiha ishga tushgach, stansiya yiliga 664 GWh elektr ishlab chiqarib, 60 ming xonadonni ta’minlaydi va CO₂ chiqindilarini 400 ming tonnagacha kamaytiradi.

Qashqadaryo viloyatida quvvati 300 MW bo‘lgan Quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MWhʼli energiya saqlash tizimini qurish va ekspluatatsiya qilish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 195,5 million dollargacha moliyalashtirish paketi shakllantirildi.
Moliyaviy paket Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan taqdim etiladigan 141,6 million dollarlik asosiy kredit hamda 25 million dollargacha kafolatlangan moliyalashtirishdan iborat. Mazkur mablag‘lar «Masdar» kompaniyasiga to‘liq tegishli bo‘lgan «Nur Kashkadarya Solar» maxsus loyiha kompaniyasiga ajratiladi.
Loyiha doirasida xalqaro hamkorlar ishtirokida imtiyozli moliyalashtirish ham jalb qilinadi. Kanada tomonidan 20 million dollar, Finlyandiya tomonidan esa 5 million dollar miqdorida mablag‘lar iqlim o‘zgarishiga qarshi maxsus jamg‘armalar orqali yo‘naltiriladi. Yaponiya–Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamkorlik jamg‘armasi hamda bankning o‘z mablag‘lari hisobidan yana 3,9 million dollargacha qo‘shimcha imtiyozli moliyalashtirish taqdim etiladi. Loyihani Osiyo taraqqiyot banki bilan qo‘shma moliyalashtirish ham rejalashtirilgan.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston hukumati tomonidan belgilangan va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish dasturiga mos keladi. Dasturga ko‘ra, 2030 yilga qadar mamlakatda quyosh va shamol energetikasi quvvatlarini jami 25 GWga yetkazish maqsad qilingan.
Qurilish ishlari yakunlangach, quyosh elektr stansiyasi yiliga 664 GWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu taxminan 60 mingta xonadonni elektr bilan ta’minlash imkonini berib, yiliga 400 ming tonnagacha CO₂ chiqindilarini kamaytirishga xizmat qiladi. Loyihaning muhim qismi bo‘lgan 75 MWh quvvatli batareya energiya saqlash tizimi elektr tarmog‘ining barqarorligi va moslashuvchanligini oshiradi.





