
Qashqadaryoda Nexia va Cobalt to‘qnashdi: bir kishi halok bo‘ldi
G‘uzor tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida bir kishi vafot etdi, ikki nafar fuqaro jarohatlandi. YTHda 9 qurbon borligi haqidagi xabarlar rad etildi.

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida Nexia va Cobalt ishtirokida yo‘l transport hodisasi yuz berdi. Qashqadaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yuz bergan hodisa yuzasidan rasmiy axborot berdi.
Ushbu YTHda 9 kishi halok bo‘lgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi, ammo bu ma’lumot rasmiy manbalar tomonidan rad etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 7-noyabr kuni soat 17:20 larda M-39 «Toshkent–Termiz» xalqaro avtomagistralining 1257-kilometrida sodir bo‘lgan.
Yo‘lda harakatlanayotgan Nexia 2 va Cobalt rusumli avtomashinalar to‘qnashgan. Oqibatda bir yo‘lovchi shifoxonada olingan jarohatlardan vafot etgan, yana ikki kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot bo‘limiga yetkazilgan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi — transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bilan boliq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
YHXB hodisa haqidagi asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka va faqat tekshirilgan axborot manbalaridan foydalanishga chaqirdi.





