Qatar gaz eksportini to‘xtatdi: Osiyo energetika inqirozi yoqasida

Qatar gaz ishlab chiqarishni to‘xtatishi oqibatida Osiyoda yoqilg‘i narxi keskin ko‘tarilib ketdi.

Qatar gaz eksportini to‘xtatdi: Osiyo energetika inqirozi yoqasida © Foto: reuters

Yaqin Sharqdagi mojaro ortidan Qatar suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni to‘xtatdi, bu esa Osiyo davlatlarida energiya bozorini izdan chiqardi. Mazkur qaror ortidan 2-mart kuni Osiyo davlatlari birjalarida gaz narxi qariyb 40 foizga ko‘tarilib, mintaqaviy logistika zanjiri falaj holatga keldi. Bu haqda «Reuters» agentligi xabar berdi.

Favqulodda choralar

Qatardan eksport qilinadigan gazning 80 foizdan ortig‘i Osiyo davlatlariga yo‘naltirilgani sababli, Hindiston, Yaponiya va Tayvan kabi mamlakatlar favqulodda choralarni ishga tushirdi. Xususan, Hindiston 3-mart kunidan boshlab sanoat korxonalari uchun tabiiy gaz iste’molini limitlashga (ratsionlashtirishga) o‘tdi.

Tayvan hukumati esa elektr energiyasining 40 foizi gazga bog‘liqligi sababli, taqchillikni qoplash uchun AQSHdan qo‘shimcha gaz xarid qilish choralarini ko‘rmoqda.

Yaponiya savdo vaziri zarurat tug‘ilsa, spot bozordan xaridlar oshirilishini bildirdi.

Janubiy Osiyodagi holat

Bangladesh va Pokistonda soha rasmiylari vaziyatni Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga bosqinidan keyingi holatga qiyosladilar, o‘shanda LNG narxlari keskin oshgan va ta’minot izdan chiqqan, bu esa uzoq davom etgan elektr uzilishlariga sabab bo‘lgan edi.

Mutaxassislar aytishicha, Pokistonda quyosh energiyasi ishlab chiqarishning sezilarli ulushi kunduzgi elektr uzilishlarining oldini oladi, ammo Bangladesh tanqislik xavfiga duch kelmoqda va Hindistondan ko‘mir hamda elektr energiyasi importni oshirishga majbur bo‘lishi mumkin.

Bangladeshga qarashli «Petrobangla» kompaniyasining yuqori lavozimli amaldorining aytishicha, uzoq davom etuvchi uzilish yozgi eng yuqori talab mavsumi yaqinlashayotgan bir paytda elektr ishlab chiqarish va sanoat hajmiga bosim o‘tkazadi.

Bangladeshning mart oyi uchun rejalashtirilgan to‘qqizta yuk kemasidan faqat to‘rttasi Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tishga ulgurgan, xolos.

Teglar

Mavzuga oid