add

Qaysi banklar foizsiz avtokredit bermoqda?

Bugun 19:583 daqiqa

Bir qator banklar ishlab chiqaruvchilar bilan kelishgan holda aholiga foizsiz avtokredit taklif qilyapti. Shartlar haqida ma’lumot va ro‘yxat bilan Vaqt.uz’da tanishing.

Qaysi banklar foizsiz avtokredit bermoqda?

O‘zbekiston banklari aholiga avtokreditni foizsiz shartlarda ham rasmiylashtirish imkoniyatini taklif qilmoqda. Vaqt.uz banklardagi bunday avtokreditlarni bir joyga to‘pladi.

«Asakabank»

Bank anchadan beri UzAuto Motors avtomobillari uchun foizsiz kredit taqdim qiladi. Kredit olish uchun «Asakabank» BXM yoki rasmiy dilerlik markazlari orqali murojaat qilish mumkin.

Hozirda bankda «Damas», «Onix» va «Tracker» uchun foizsiz avtokreditlar bor. Foizsiz avtokreditni rasmiy daromadsiz ham, rasmiy daromad bilan ham rasmiylashtirish mumkin.

Boshlang‘ich to‘lov 30 foizdan boshlanadi. Kredit muddati 60 oygacha. Foiz stavkasi 0 foizdan 18 foizgacha. Batafsil ma’lumot rasmiy saytda.

«Asakabank» «ADM Global I» va «ADM Global II» avtokreditlarini taklif qilmoqda. «Kia» avtomobillaridan «Sportage», «Sorento», «Carens», «K5C», «Seltos PE», «K9» uchun, «Chery» avtomobillaridan «Arrizo 6 Pro», «Tiggo 2 Pro», «Tiggo 7 Pro», «Tiggo 8 Pro», «Tiggo 8 Pro Max» uchun foizsiz kredit berilmoqda.

Shartlar haqida gap ketganda, boshlang‘ich to‘lov 20 foizdan boshlanadi. Foiz stavkasi 0 foizdan 22 foizgacha.

«BRB»

«Biznesni rivojlantirish banki»da ham «Damas», «Onix» va «Tracker» uchun foizsiz avtokredit berilmoqda. Boshlang‘ich to‘lov 25 foizdan boshlanadi.

Foizlar 0 foizdan 18,5 foizgacha, muddati 60 oygacha. Foizsiz kredit olish uchun boshlang‘ich to‘lov 30 foizdan boshlanishi kerak. Batafsil.

«Apex bank»

Bu bankda «Onix» va «Tracker» uchun 0 foizdan boshlanadigan avtokredit mavjud. Foiz stavkasi 0 foizdan 19 foizgacha, kredit muddati 60 oygacha qilib belgilangan. Batafsil ma’lumot rasmiy saytda.

«Davr bank»

«Davr bank»da 0 foizdan beriladigan bir qator avtokreditlar bor. Boshqa banklar kabi «UzAuto Motors» avtomobillari uchun foizsiz kredit berilmoqda. Boshlang‘ich badal 25 foizda, foiz stavkasi 0 dan 19 foizgacha.

Bundan tashqari, bankda Kia, Chery va Haval avtomobillari uchun ham foizsiz avtokredit berilmoqda. To‘liq ma’lumotni rasmiy saytdan olish mumkin.

«Hamkorbank»

«Hamkorbank»da bir nechta turdagi foizsiz avtokreditlar bor. Bank «Damas» uchun 25 foiz boshlang‘ich to‘lov bilan 0 foizli kredit taklif qilyapti.

«ADM Jizzax» zavodida chiqarilayotgan Kia va Chery avtomobillari, shuningdek, «Roodel» avtomobillari uchun ham foizsiz kredit mavjud. Bundan tashqari, Changan va Haval brendlari uchun ham kam foizli avtokredit taqdim qilinmoqda. Batafsil ma’lumot rasmiy saytda.

«Infinbank»

Bankda «Damas» va «Labo»dan tashqari, «Captiva» uchun ham foizsiz avtokredit rasmiylashtirish mumkin. Shartlar boshqa banklar bilan o‘xshash, to‘liq ma’lumot esa rasmiy saytda bor.

Shuningdek, «Onix» va «Tracker» uchun 0 foizli kredit taklifi ham mavjud.

«Tenge bank»

«Tenge bank» ham «Damas», «Labo» va «Captiva» uchun 0 foizli avtokredit bermoqda. Boshlang‘ich to‘lov 26 foizdan boshlansa, foiz stavkasi 0 dan 14,9 foizgacha. Kredit muddati boshqa banklar kabi 60 oygacha. Batafsil ma’lumot rasmiy saytda bor.

«Milliy bank»

Bu yerda «Kia», «Haval» va «Chery» avtomobillari uchun 1 mlrd so‘mgacha foizsiz kredit olish imkoniyati mavjud. Kredit shartlari rasmiy va norasmiy daromad oluvchilar, shuningdek, ish haqi loyihasi ishtirokchilari va budjet tashkilotlari xodimlariga qarab farqlanadi.

Shu sababli to‘liq ma’lumot uchun «Milliy bank»ning rasmiy saytiga tashrif buyurish kerak.

Bundan tashqari, «Kapitalbank»da ham «Onix» va «Tracker» uchun avtokredit foizsiz berilmoqda.

Avtokreditlar foizsiz rasmiylashtirilganda ayrim rusumlar uchun chegirmali narx inobatga olinmaydi.

Masalan, UzAuto Motors 100 foiz boshlang‘ich to‘lovda «Tracker»ni 34 mln so‘m, «Onix»ni 22,5 mln so‘m chegirmada sotib olishni taklif qilyapti. Foizsiz avtokredit rasmiylashtirilganda chegirma bekor bo‘ladi.

Avtomobillarning amaldagi narxlari bilan ishlab chiqaruvchilarning rasmiy saytlarida tanishish mumkin.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 39

Barchasi

Mavzuga oid