
Qaysi banklar xaridlar uchun foizsiz kredit taklif qilmoqda?
Ma’lumotlarga ko‘ra, kredit kartalari bo‘yicha maksimal limit banklarga qarab 50 million so‘mdan 100 million so‘mgacha etib belgilangan.

2025 yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda yettita tijorat banki kredit karta xizmatini taklif etmoqda.
Ushbu kartalar orqali mijozlar belgilangan imtiyozli davr mobaynida tovar va xizmatlar uchun foizsiz to‘lov qilish imkoniyatiga ega.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kredit kartalari bo‘yicha maksimal limit banklarga qarab 50 million so‘mdan 100 million so‘mgacha etib belgilangan.
Xususan, Ipak Yo‘li banki, Hamkorbank va TBC Bank kredit kartalarida eng yuqori limit 50 million so‘mni tashkil etadi. Agrobank, SQB, InFinBank hamda AVO Bank esa mijozlarga 100 million so‘mgacha kredit limitini taqdim etmoqda.
Kredit kartalarning yana bir muhim jihati — foizsiz davrning mavjudligidir.
Aksariyat banklarda ushbu imtiyozli muddat 40–55 kunni tashkil etadi. Agar mijoz shu vaqt ichida sarflangan mablag‘ni to‘liq qaytarsa, foiz hisoblanmaydi. Belgilangan muddatda qarz yopilmagan taqdirda esa bank shartlariga muvofiq foiz qo‘llaniladi.
Foiz stavkalari bank va karta turiga qarab farq qiladi. Masalan, AVO Bank kredit kartalarida yillik foiz 27,9 foizdan 74,9 foizgacha bo‘lishi mumkin. InFinBankda bu ko‘rsatkich 25,6–54,8 foiz oralig‘ida. TBC Bankda maksimal stavka 50 foizni, Ipak Yo‘li bankida 42 foizni, Hamkorbankda 40 foizni tashkil etadi. Eng past maksimal foiz stavkalari Agrobankda — 30 foiz va SQBda — 26,9 foiz etib belgilangan.
Kredit kartalari bo‘yicha minimal to‘lov miqdori odatda oyiga 5–10 foiz atrofida belgilanadi.
Shuningdek, aksariyat banklar karta orqali naqd pul yechish yoki hisobni to‘ldirish imkoniyatini ham taqdim etmoqda, biroq bunday operatsiyalar foizli hisoblanadi.





