«Qimmat narx kunduzi chiroq yoqmaslikka o‘rgatadi» — Energetika vazirligi vakili energiya tejamkorligi haqida

Bugun 17:513 daqiqa

Vazirlikka ko‘ra, elektr energiyasi narxi oshishi orqali aholining kunduzi chiroq yoqmasligi va kirilmagan xonalarni isitmasligiga erishiladi.

«Qimmat narx kunduzi chiroq yoqmaslikka o‘rgatadi» — Energetika vazirligi vakili energiya tejamkorligi haqida

Elektr energiyasi narxlarining oshishi aholini tejamkorlikka o‘rgatishi va energiya samaradorligini ta’minlashi mumkin. Narx baland bo‘lgani sabab, odamlar kunduzi chiroqlarni behuda yoqib qo‘ymasligi va foydalanilmaydigan xonalarni isitmasligi kutilmoqda. Bu haqda UzReport TV kanalining «Huquqiy nigoh» podkastida Energetika vazirligi mutaxassisi Elbek Saidov ma’lum qildi.

Jurnalist Sevara O‘rinboyeva vazirlik mutaxassisiga yangi tariflar energiya samaradorligini oshirishga qaratilganmi, degan savol bilan murojaat qilgan. Elbek Saidov ushbu savolga tasdiq javobini berib, nimaning narxi baland bo‘lsa, odamlar undan ozgina tejamkorlik bilan foydalanishini ta’kidladi.

«Mana 2017 yilda iste’molchilarimiz soni 6 million 600 ta bo‘lgan elektr energiya ta’minoti iste’molchilari soni. Iste’mol qilingan elektr energiyasi 54 milliard kilovatt-soatni tashkil qilgan. Bu 2025 yilga kelib iste’molchilar soni 8 million 600 tani tashkil qilyapti. O‘z-o‘zidan elektr energiyasi iste’moli ham 71 mlrd kilovatt-soatdan oshiq. Bu bilan nima demoqchiman bu gapim bilan? Iste’molchilar sonining ortishi bu O‘zbekistonda iqtisodiyot tizimida hamma sohaning rivojlanayotganidan dalolat beradi. Mana, har bir o‘sayotgan yo rivojlangan davlatlarni misol qilib oladigan bo‘lsak, elektr energiyaga bo‘lgan talab oshgani bu ishlab chiqarish, sanoati, aholining turmush darajasi yaxshilanayotganidan dalolat, ijtimoiy obyektlarni yaxshilanayotganidan dalolat beradi. Bu elektr energiyaga bo‘lgan talab o‘z-o‘zidan oshib qolmaydi. Ya’ni sabablari bor. Misol, bezatilishi, chiroyli uylarni bezashi, misol, yaxlatishi, sovitishi, isitish tizimlariga o‘tishi, bu hammasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bu narsalarni qoplash uchun energetika tizimida juda ko‘p islohotlar olib borilyapti. Ya’ni nechta podstansiyalar, stansiyalar qurildi, quvvat oshirildi stansiyalarda. Shu o‘rinda stansiyaning o‘zining quvvatini oshirish yetarli bo‘lmasdan, bu biz transportirovkani, hamkasbim aytganday, transportirovkani ham quvvatini oshirishga to‘g‘ri keldi. O‘z-o‘zidan aholiga yetkazib berilayotgan transformator punktlari deymiz bizning tilida, shu orqali elektr energiyasini yetkazib berish uchun ularni yaxshilashga qaratilgan urg‘u yaratildi. Qilinayotgan ishlarni misol qilib oladigan bo‘lsak, 2017 yildan 25 yilgacha 12,500 megavolt-amperdan ko‘p quvvat o‘tkazuvchanlik yaratildi podstansiyalarimizda. 2000 dan ziyod magistral tarmoqlar qurildi. 80,000 kilometrga yaqin taqsimlash tarmoqlari modernizatsiya-rekonstruksiya qilib yangilandi. 21,000 ziyoddan ortiq transformator punktlari yaxshilandi. Bu hammasi shu yilgacha umuman tariflarimiz oshmagan, lekin mana shu nimalar, nagruzkalar kelib budjetga taqaladi, mana hamkasbim aytganday, nagruzka, nima deydi, yuklamasi deydi. Shu narsani endi sekin-sekin asta rivojlangan davlatlarda ham misol qilib oladigan bo‘lsak, elektr energiya narxi juda qimmat. Masalan, oddiygina Xitoyni misol qilib oladigan bo‘lsak, juda qimmat. Endi men aytmoqchi bo‘lganim, bu yerda aholini elektr energiyadan foydalanishini cheklashimiz yo undan qandaydir cheklov bilan unaqa niyat, unaqa maqsad yo‘q bu yoqda. Maqsad shu elektr energiyadan oqilona foydalanish bizning maqsadimiz. Ya’ni nimaning narxi baland bo‘lsa, shunga bo‘lgan iste’molda ozgina tejamkorlikka erishamiz. Misol, kunduzi chiroqlarni yoqib qo‘yish, befoyda joylarda yoqib qo‘yish, kirmagan xonalarni isitish, misol, shulardan cheklanamiz», - dedi Elbek Saidov.

Modernizatsiya va tarmoqdagi o‘zgarishlar

Energetika tizimida ortib borayotgan talabni qoplash uchun yangi stansiyalar quriladi va mavjudlarining quvvati oshiriladi. Biroq, tarmoq infratuzilmasini kengaytirmasdan turib bu yetarli emasligi sababli, elektr energiyasini iste’molchilarga yetkazib beruvchi transformator punktlarini yangilash ishlari amalga oshirilmoqda.

Bu haqda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yildan 2025 yilgacha podstansiyalarda 12,5 ming MVA dan ziyod qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvati yaratilgan. Bundan tashqari, 2 mingdan ortiq magistral tarmoqlar qurilib, 80 ming kilometrga yaqin taqsimlash tarmoqlari modernizatsiya qilingan va 21 mingdan ortiq transformator punktlari yangilangan.

Rivojlangan davlatlar tajribasi


Energetika vazirligi vakili uzoq yillar davomida tariflar oshmaganini va bu yuklamalar davlat budjetiga tushganini qayd etdi. Shuningdek, rivojlangan davlatlarda, xususan, Xitoyda elektr energiyasi narxi yuqori ekanligini misol qilib keltirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, vazirlik aholining elektr energiyasidan foydalanishini cheklashni emas, balki undan oqilona foydalanilishini maqsad qilgan.

Teglar

Mavzuga oid

«Qimmat narx kunduzi chiroq yoqmaslikka o‘rgatadi» — Energetika vazirligi vakili energiya tejamkorligi haqida | Vaqt.uz