Logo

Qirg‘iziston ayrim qurilish materiallari importini olti oyga taqiqlamoqchi

Bugun 18:362 daqiqa

Qirg‘izistonda shisha, kabel-sim mahsulotlari, mineral paxta va gazobeton bloklari importiga vaqtinchalik cheklov joriy etilishi mumkin. Rasmiylar ichki bozor ehtiyojini mahalliy korxonalar to‘liq qoplay olishini ta’kidlamoqda.

Qirg‘iziston ayrim qurilish materiallari importini olti oyga taqiqlamoqchi © lalafo.kg

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi uchinchi mamlakatlardan ayrim turdagi qurilish materiallarini import qilishni vaqtincha taqiqlash to‘g‘risidagi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Bu haqda «24.kg» xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, cheklovlarni olti oy muddatga joriy etish taklif qilinmoqda. Taqiq Qirg‘iziston hududi orqali tranzit tarzda tashilayotgan tovarlarga tatbiq etilmaydi.

Sabab nima?

Hukumat mazkur tashabbusni mahalliy ishlab chiqaruvchilarni import bosimidan himoya qilish va sanoatdagi ish o‘rinlarini saqlab qolish zarurati bilan izohlamoqda.

Asoslantiruvchi ma’lumotda qayd etilishicha, ichki bozor ayrim turdagi mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplash imkoniyatiga ega.

Jumladan, mamlakatdagi shisha ishlab chiqarish zavodi yiliga 13 million kvadrat metrgacha shisha ishlab chiqarishi mumkin. Ayni paytda ichki talab taxminan 8 million kvadrat metrni tashkil etadi. Biroq korxona eksportdagi cheklovlar sabab har oy 900 ming dollargacha daromadni yo‘qotayotgani aytilmoqda.

Shuningdek, kabel-sim mahsulotlari va mineral paxta ishlab chiqaruvchi yangi korxonalar ham xavf ostida qolgan. Loyiha mualliflariga ko‘ra, import hajmining o‘sishi omborlarda mahsulot yig‘ilib qolishiga va ishlab chiqarish liniyalarining to‘xtab qolish xavfiga olib kelgan.

Hujjatda gazobeton bloklari bozori ham alohida tilga olingan. Hukumat fikricha, O‘zbekistondan kelayotgan katta hajmdagi mahsulot mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda. Vazirlar Mahkamasi hisob-kitoblariga ko‘ra, mahalliy korxonalar respublika qurilish sohasining ehtiyojlarini to‘liq ta’minlay oladi.

Kutilmalar

Kutilishicha, vaqtinchalik import taqiqining joriy etilishi talabni mahalliy mahsulotlar tomon yo‘naltirish, investitsiyalarni saqlab qolish, bandlikni qo‘llab-quvvatlash va budjetga tushumlarni ko‘paytirish imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid