add

Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolariga AQSHga kirish uchun shart qo‘yildi

07.01.2026 | 21:182 daqiqa

2026 yil 21-yanvardan boshlab, Qo‘shma Shtatlarga B-1 (biznes) va B-2 (turizm) noimmigratsion vizalarini olish uchun ariza topshirgan Qirg‘iziston fuqarolari 5000 dan 15000 dollargacha qaytariladigan depozitni to‘lashlari shart bo‘ladi.

Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolariga AQSHga kirish uchun shart qo‘yildi

2026 yilning 21-yanvaridan boshlab Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari AQSHga noimmigratsion viza olish uchun 15 ming dollargacha garov puli to‘lashi shart etib belgilandi. Ushbu yangi tartib AQSH Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, mamlakatga tashrif buyuruvchilarning o‘z vaqtida chiqib ketishini ta’minlashga qaratilgan moliyaviy mexanizm hisoblanadi.

viza

AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, yangi cheklovlar B-1 (ishbilarmonlik) va B-2 (turizm) toifasidagi vizalarga ariza topshiruvchi shaxslarga taalluqlidir. Konsullik xodimi suhbat davomida ariza beruvchining holatidan kelib chiqib, 5 ming, 10 ming yoki 15 ming dollar miqdorida garov belgilashi mumkin. Ushbu mablag‘ faqat AQSH Moliya vazirligining Pay.gov tizimi orqali to‘lanishi lozim bo‘lib, garov to‘langani viza berilishini kafolatlamaydi.

Garov puli to‘liq qaytarib beriladigan summa bo‘lib, u ikki holatda egasiga qaytariladi: agar viza berish rad etilsa yoki viza egasi AQSHda bo‘lish tartibini buzmasdan, belgilangan muddatda mamlakatni tark etsa. Mablag‘larni qaytarish jarayoni viza egasining qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymagani tasdiqlanganidan so‘ng amalga oshiriladi. Bu chora viza muddatini o‘tkazib yuborish holatlarining oldini olish uchun qo‘shimcha vosita sifatida xizmat qiladi.

Yangi tartib bo‘yicha viza olgan fuqarolar AQSHga kirish va chiqishda faqat belgilangan uchta xalqaro aeroportdan foydalanishlari shart. Bular qatoriga Bostondagi Logan, Nyu Yorkdagi Jon Kennedi hamda Vashingtondagi Dalles aeroportlari kiritilgan. Mazkur cheklov nazorat jarayonlarini soddalashtirish va garov ishtirokchilarining harakatini kuzatish imkonini beradi.

Ushbu sinov dasturi ilk bor 2025 yilning avgustida Malavi va Zambiya fuqarolari uchun joriy etilgan edi. Keyinchalik ro‘yxat kengaytirilib, 2026 yil 1-yanvardan Turkmaniston, endi esa Qirg‘iziston va Tojikistonni o‘z ichiga olgan jami 38 ta davlatga tatbiq etildi.

Teglar

Mavzuga oid