
Qozog‘iston Rossiya elektr energiyasining asosiy xaridoriga aylandi
2025 yilda Rossiya elektr energiyasi eksportida Qozog‘istonning ulushi 60 foizga yetdi, Xitoyga yetkazib berish esa keskin qisqardi.

2025 yilda Rossiya elektr energiyasi eksporti geografiyasida jiddiy o‘zgarishlar kuzatildi va Qozog‘iston ushbu resursning eng yirik xaridoriga aylandi. Natijada Rossiyadan eksport qilingan elektr energiyasining qariyb 60 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keldi, bu esa taxminan 4,5 milliard kW/hni tashkil etdi.
Avvalroq Rossiya uchun asosiy tashqi bozor Xitoy bo‘lib kelgan. Biroq Uzoq Sharq mintaqasida generatsiya quvvatlarining yetishmasligi sababli Rossiya energetika tizimi avvalgi hajmlarni ta’minlay olmadi. Shu omil ta’sirida 2025 yilning 11 oyi davomida Xitoyga yetkazib berilgan elektr energiyasi hajmi 63 foizdan ortiqqa qisqarib, atigi 298,5 million kW/hni tashkil etdi.
Xitoy bozoridagi pasayish Rossiyani eksport oqimlarini qayta taqsimlashga majbur qildi. Bu jarayonda Qozog‘iston eng barqaror va hajman katta yo‘nalish sifatida shakllandi.
Qozog‘istondan tashqari, Rossiya elektr energiyasining asosiy iste’molchilari sifatida Mo‘g‘uliston (13 foiz), shuningdek Janubiy Kavkaz va Yaqin Sharq mintaqalaridagi davlatlar qolmoqda. Xususan, Gurjiston va Turkiyaga yetkazib berish hajmlari barqaror saqlanmoqda.
Ayni paytda Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi elektr energiyasi savdosi o‘zaro xarakter kasb etgan. Kunduzgi soatlarda Rossiya Qozog‘istonga energiya yetkazib beradi, tunda esa Qozog‘iston elektr stansiyalarida ishlab chiqarish ortib ketgan paytda, elektr energiyasi teskari yo‘nalishda Rossiya tomonga uzatiladi.
Avvalroq Qozog‘istonda elektr energiyasi uchun maksimal tariflar 7 yil davomida — 2026 yildan 2032 yilgacha oshirilmaslik loyihasi ko‘rib chiqilyotgan edi.





