
Qozog‘iston tuxum importiga cheklov joriy etdi
Cheklov mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy qilinib, bir oy amal qiladi.

Qozog‘iston hukumati mamlakat hududiga toshiladigan to‘liq tuxum importini vaqtincha to‘xtatdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, cheklov 11-dekabrdan boshlab bir oy muddatga amal qiladi va barcha turdagi transport orqali olib kiriladigan to‘vuq tuxumlariga taalluqli.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu taqiq uchinchi mamlakatlardan, shuningdek, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlardan import qilinadigan tuxumlarga ham qo‘llanadi. Qaror ichki bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini saqlab qolish hamda narx barqarorligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Shu bilan birga, joriy etilgan cheklov ayrim yo‘nalishlarga tatbiq etilmaydi. Xususan, yangi tovuq tuxumlarini Qozog‘iston hududi orqali tranzit tarzida olib o‘tish, shuningdek, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bir davlat hududidan boshqasiga yetkazib berish taqiq doirasiga kirmaydi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2024 yil davomida Qozog‘iston 87,4 million dona tuxum import qilgan. Shu bilan birga, mamlakat 43,2 million dona tuxumni eksportga chiqargan. Ichki bozor ehtiyojining 99 foizi mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qondirilgan bo‘lib, import asosan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlariga to‘g‘ri kelgan.
Qo‘shni respublikada tuxum importiga cheklov birinchi marta joriy etilayotgani yo‘q. Joriy yil aprel oyida ham Qishloq xo‘jaligi vazirligi tovuq tuxumini olib kirishni olti oyga taqiqlashni nazarda tutuvchi buyruq loyihasini ishlab chiqqan edi. Ushbu amaliyot Qozog‘istonda agrosanoat sohasini qo‘llab-quvvatlash siyosati doirasida davom etmoqda.

